Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zo‘ravonlikka qarshi qonun va amaliyot
17:29 / 2026-01-24

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani hokimligida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining tergov sudyasi G. Utepbergenova tomonidan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda tuman hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i S. Abatova, tuman ichki ishlar bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, podpolkovnik R. Sarmanova va ibratli nuroniy onaxonlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga muvofiq, har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz bo‘lib, hech kim tazyiq, zo‘ravonlik yoki tahqirlashga duchor etilmasligi lozim. Mazkur konstitutsion tamoyildan kelib chiqqan holda mamlakatimizda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan.

Xususan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, unda jismoniy, ruhiy, iqtisodiy va jinsiy zo‘ravonlik, shuningdek tazyiq va ta’qib tushunchalariga aniq huquqiy ta’rif berildi. Qonunda jabrlanuvchilarni himoya qilish mexanizmlari, himoya orderini berish tartibi hamda mas’ul davlat organlarining vakolatlari belgilab qo‘yilgan.

Jabrlanuvchilarni himoya qilishning samarali huquqiy vositalaridan biri sifatida himoya orderi instituti joriy etilgan. Unga ko‘ra, tazyiq yoki zo‘ravonlikka duch kelgan shaxs vakolatli organlar yoki sud tomonidan belgilangan muddatga himoya orderi olishi mumkin. Ushbu order zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga jabrlanuvchi bilan aloqa qilish, uni ta’qib etish yoki qidirishni taqiqlaydi. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, himoya orderi zo‘ravonlik holatlarining takrorlanishini oldini olishda muhim profilaktik huquqiy chora sifatida o‘z samarasini bermoqda.

Uchrashuv davomida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, zo‘ravonlik holatlariga barham berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Shuningdek, xotin-qizlarni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy mexanizmlari, xususan, himoya orderini berish tartibi va uni buzganlik uchun belgilangan javobgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida tergov sudyasi tomonidan jamoatchilik ishtirokida oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ish materiali ko‘rib chiqildi.

Ayoliga nisbatan berilgan himoya orderi talabini buzgan huquqbuzarga nisbatan qonunga muvofiq ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA