Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zo‘ravonlikka oid ishlar bo‘yicha yarashuvga oid ariza faqat sud muhokamasi paytida beriladi
18:23 / 2024-09-20

Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlash maqsadida yangi qonun ishlab chiqildi.

Bu “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonundir.

Senat yalpi majlisida mazkur qonun muhokamasi jarayonida 2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning 55,6 foizi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgani qayd etildi. Qolgani bo‘yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.

– Himoya orderi berilishi – bu ishimiz bitdi degani emas, – dedi mazkur qonun bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Bu zo‘ravonlikka qarshi kurashish ishining boshlanishi. Chunki, jabrlangan shaxsga tibbiy, ijtimoiy, psixologik, iqtisodiy, moliyaviy yordam berilishi kerak. Ayniqsa, zo‘ravonga nisbatan bizda hozircha hech qanday amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilmagan. Maxsus dastur ishlab chiqib, har bir shunday shaxs bilan individual tarzda ishlash, bizga yot bo‘lgan illatlarga qarshi kurashish kerak. Shuning uchun bu masalaga kompleks yondashish lozim. Bu masalalar yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi yaxshi ishlarni boshladi. Ushbu agentlik atrofida barcha mutasaddi vazirlik va idoralar birlashib ishlashi zarur.

Senatorlar ma’qullagan qonunning qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishiga huquqiy asos yaratadi.

Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga ko‘rsatiladigan ijobiy ta’sirning kuchi yanada ortadi. Bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari yaxshilanadi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA