Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish zarur
15:41 / 2023-12-10

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarga nisbatan turli ko‘rinishdagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari sodir etilayotgani haqidagi xabar va shov-shuvlarga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Afsuski, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarga qaramay, bu kabi holatlarga batamom chek qo‘yib bo‘lmayapti.

O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi hamda “O‘ztransgaz” AJ, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusidagi tadbirda bu boradagi muammolar qizg‘in muhokama qilindi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi hamda “O‘ztransgaz” AJ xodimlari ishtirok etdi.

– Yurtimizda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyorova. – O‘tgan yillar davomida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham xotin-qizlar huquqlarini, manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator yangi normalar o‘z ifodasini topdi. Ushbu sohadagi qonunchilik asoslari esa kelgusida ham xotin-qizlarimizni himoyalash, onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal etishga zamin bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni izchil amalga oshirishda parlament va jamoatchilik nazorati nihoyatda zarur.  

Tadbirda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining mas’ul xodimlari ham so‘zga chiqib, jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalari, og‘ir ahvolga tushib qolgan ayollarga yordam ko‘rsatish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga Himoya orderlarini berish tartiblari va kimlarga berilishi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Tadbir jarayonida mavzuga oid videorolik namoyish etildi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA