Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zo‘ravonlik uchun pedagogni o‘z faoliyatidan chetlatishga oid norma e’tirozlarga sabab bo‘ldi
13:24 / 2025-12-17

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi quyi palata majlisida ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasida ta’lim tashkilotida bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Notariuslar zimmasiga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligi shahodatlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borish majburiyati yuklatilyapti.  

Vasiy yoki homiy o‘z yashash joyini o‘zgartirmoqchi, shu jumladan boshqa mamlakatga ko‘chib ketmoqchi bo‘lsa, vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va vasiylikka olingan 10 yoshga to‘lgan bolaning roziligi talab etilishi belgilanmoqda. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan  aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakilining ishtiroki belgilanyapti.

Shu bilan birga, Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalari ota-ona yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bolaning sog‘lig‘ini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qilingan qo‘shimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish haqida kiritilgan arizalar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod etilmoqda.

Shuningdek, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi yashaydigan joyga  ro‘yxatga qo‘yganda ham davlat boji to‘lashdan ozod etish taklif etilmoqda.

Ta’kidlandiki, qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar tomonidan ayrim normalarni takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar berilgan edi. Uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida mas’ul qo‘mitada barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, ularning asosli deb topilgani hujjat matnida aks ettirildi.

Muhokamalarda bir qator savollar, taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi.  

Xususan, O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov tarbiya va ta’lim berish jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilganligi uchun pedagog bir yil davomida pedagogik faoliyatdan chetlatilishi normasiga qarshi ekanligini bildirdi.  

“Masalan, o‘qituvchi o‘quvchiga ikki baho qo‘ygani uchun ham bolaga ruhiy bosim o‘tkazildi, degan vaj bilan uni javobgar qilish mumkin. Bolaga nisbatan zo‘ravonlikka, o‘quvchini urishga, tahqirlashga qarshimiz. Lekin o‘qituvchi o‘quvchiga biror tanbeh bergani uchun ham javobgar bo‘lib qolaversa, maktabda kim ishlaydi, ta’lim tizimidagi islohotlarimiz qanday natija beradi!? Bu o‘qituvchining maqomiga oid qonunchiligimizga, o‘qituvchining sha’ni va qadrini himoyalashga oid konstitutsiyaviy normaga zid bo‘lmaydimi” degan masalani ko‘tardi.  

Bunga javoban loyiha tashabbuskorlari bu kabi holatlar sud tartibida ko‘rib chiqilishini, ushbu norma vakolatli idoralar bilan batafsil muhokama qilinib, ma’qullanganini ma’lum qildi.  

Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili bolaga nisbatan zo‘ravonlik holati agentlik vakillari, psixologlar tomonidan bola bilan suhbat o‘tkazilganidan keyin, oqibatlari o‘rganilganidan so‘ng sud tartibida ko‘rib chiqilishini bildirdi.  

Aynan ushbu norma aks etgan modda deputatlarning e’tiroz va muhokamalariga sabab bo‘ldi va qabul qilinmadi. Shu va ushbu norma bilan bog‘liq bo‘lgan normalarni qayta ko‘rib chiqishga kelishilib, qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA