Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik uchun ozodlikdan mahrum etilayotganlar bor
12:33 / 2025-10-13

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik holatlariga nisbatan jazoning muqarrarligi amalda ta’minlanmoqda.  Bunda, 2024 yil 21 oktyabrdagi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhim o‘rin tutmoqda.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Qahramon Mirsafoyev qonunning ahamiyati va ijrosi haqida gapirib berdi: 

– Qonun orqali Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat-protsessual kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar oilaviy zo‘ravonlik, ayniqsa, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olishda muhim huquqiy vositaga aylandi. 

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasiga ko‘ra, endilikda oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkin. Bu esa, jinoyatni sodir etgan shaxslar tomonidan “yarashuv” niqobi ostida jazodan qutulib qolish imkoniyatini cheklaydi va ishning shaffofligi, adolatli qaror qabul qilinishini ta’minlaydi.

Islohotlar jarayonida Jinoyat kodeksiga yangi 126-1-moddaning kiritilgani oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikni mustaqil jinoyat sifatida tasniflash imkonini berdi. Ushbu modda orqali nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki psixologik bosim, iqtisodiy tazyiq, shaxsning huquqlarini cheklash, uni tahqirlash yoki yaqinlaridan ajratib qo‘yish kabi harakatlar ham ma’muriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng takroran sodir etilishi jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasida esa, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy jazo choralari ko‘zda tutilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, xotini (eri)ga, sobiq xotini (sobiq eri)ga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek, ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek, ushbu kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, ma’muriy huquqbuzarlik, deb topiladi va tegishlicha jarima yoki ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Oilaviy zo‘ravonlikning ijtimoiy oqibatlarini tahlil qilar ekanmiz, bu hodisa nafaqat shaxsiy munosabatlar izdan chiqishiga, balki  jamiyat muhiti buzilishiga sabab bo‘lishini ko‘rish mumkin. Statistik ma’lumotlar bu boradagi muammolarning dolzarbligini yaqqol ko‘rsatmoqda. 

Jumladan, 2025 yil yanvar - avgust oylarida Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bilan 298 nafar shaxs sudlangan va ularning 81 nafari ozodlikdan mahrum etilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yil bo‘yicha 472 nafarni tashkil etgan bo‘lib, shulardan 150 nafari ozodlikdan mahrum etilgan. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi bo‘yicha esa, 2025 yil 8 oyida 7 ming 624 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan. Bu esa, 2024 yildagi 16 ming 524 holatga nisbatan biroz kamaygan bo‘lsa-da, son jihatidan hali ham yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Ayniqsa, shundan 6 ming 585 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani, oilaviy zo‘ravonlik holatlarining jiddiyligidan dalolat beradi. Bu raqamlar zo‘ravonlikning ildizi chuqurroq ekanini, u faqat jazolash bilan emas, balki profilaktik, psixologik va pedagogik chora-tadbirlar bilan kurashishni talab etishini ko‘rsatmoqda.

Zo‘ravonlik oqibatlari nafaqat statistikada, balki oilalarning yemirilishida ham yaqqol aks etmoqda. 2025 yil 8 oyi mobaynida oilaviy zo‘ravonlik oqibatida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga nikohni bekor qilish uchun 47 ariza berilgan bo‘lib, ulardan 37 tasi qanoatlantirilgan. Bu esa, har besh holatdan to‘rttasida oilaning yemirilishiga olib keluvchi sabablar ro‘y berganini anglatadi. 

Eng yomoni, oilaviy zo‘ravonlik sababli buzilgan nikohlar ortidan bolalarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan vaziyat yuzaga keladi. Bu ularning har tomonlama yetuk shaxs sifatida shakllanishiga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Shu bois, zo‘ravonlikning oldini olish borasida jamiyatning har bir qatlamiga tegishli mas’uliyat yuklatilishi zarur.

Shahvoniy shilqimlik masalasi esa yanada murakkab va jiddiy tahdidli holat bo‘lib, insonning sha’ni va daxlsizligiga tajovuz sifatida baholanadi. Milliy qonunchilikda shahvoniy shilqimlik harakatlariga nisbatan ham qat’iy javobgarlik chorasi nazarda tutilgan. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasida shahvoniy shilqimlik qilish, ya’ni, shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etish jarima yoki ma’muriy qamoq bilan jazolanadi. O‘z navbatida, agar ushbu harakatlar takroriy ravishda sodir etilgan bo‘lsa, jazo kuchaytiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi asosida 2025 yilning 8 oyida 1 ming 450 nafar shaxs sudlangan. Ularning 969 nafari qamoq jazosiga, 481 nafari esa jarimaga tortilgan. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 1 ming 854 nafarni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkichlar ommaviy joylarda, ishxona, ta’lim muassasalari yoki ijtimoiy tarmoqlarda ro‘y berayotgan nomaqbul harakatlarning keskin qoralanayotganidan dalolat beradi. 

Qolaversa, bu holatlar shilqimlik faqatgina yirik jinoyatlarning “kichik bosqichi” emas, balki o‘zi mustaqil tahdid sifatida e’tirof etilishi lozim bo‘lgan muammo ekanini ko‘rsatmoqda. Undan jabrlanuvchilar asosan ayollar va qizlardir. Ular esa, ko‘pincha ijtimoiy muhitdagi kamsitish, uyatga qoldirish, tanbeh kabi ikkilamchi ruhiy jarohatlarga uchraganda sud organlariga murojaat qilishdan tiyilmoqda. 

Shu sababli, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun bunday jinoyatlarni aniqlash va tergov qilishda isbotlash mexanizmlarini soddalashtirish, jabrlanuvchilarga psixologik yordam ko‘rsatish, ularning maxfiyligini ta’minlash kabi tamoyillarni joriy etish maqsadga muvofiq. 

Eng muhimi, jamiyatda yuqoridagi kabi muammolarga nisbatan murosasiz pozitsiya shakllanmoqda. Bu esa, zo‘ravonliksiz, tenglikka asoslangan, inson qadri ulug‘langan jamiyat sari qo‘yilayotgan muhim  qadamdir.

                                      Norgul Abduraimova,

O‘zA