Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarni himoya qilishning raqamli tizimi joriy etiladi
04:19 / 2026-03-04

“Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, himoya orderi berilgan ayollarning telefoniga maxsus ilova o‘rnatiladi. Xavf tug‘ilganda birgina tugmani bosish orqali ijtimoiy xizmat va ichki ishlarni zudlik bilan ogohlantirish mumkin bo‘ladi.

2027-yildan ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlarini faqat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan (asosan ayol) tergovchi va sudyalar ko‘rib chiqadi.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etganlar uchun jazo choralari keskinlashtiriladi. Bunday shaxslar endi yengilroq qamoqxona tartibiga o‘tkazilmaydi va ularga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi kuchaytiriladi.

Farmon bilan O‘zbekiston qonunchiligiga xalqaro tajribadagi yangi atamalar kirib kelmoqda. Mutasaddi tashkilotlarga quyidagi holatlar uchun javobgarlik belgilash topshirildi:

  • Femitsid — ayolni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish;
  • Stalking — shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish;
  • Kiberzo‘ravonlik — internet yoki ijtimoiy tarmoqlardagi tahdid va tazyiqlar.

Endilikda «mahalla yettiligi» oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha maxsus o‘quvdan o‘tadi. Shuningdek, 2030-yilga borib barcha nikohlanuvchilar oilaviy hayotga tayyorlovchi bepul kurslarda o‘qitiladi.

Mohigul Qosimova,

O‘zA