Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi qizg‘in muhokama qilindi.
Shundan so‘ng deputatlar xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda sovuq qurolni noqonuniy ravishda jamoat joylarida olib yurish holatlari keskin ko‘payib, bu holat jamoat xavfsizligi, fuqarolarning tinch hayoti va huquqiy tartibotga tahdid solmoqda. Ushbu qonun loyihasida bu kabi huquqbuzarliklarni takroran sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari qat’iylashtirilmoqda.

Oilaviy tazyiq va zo‘ravonlik jinoyatini sodir etgan shaxslarga qurol olish huquqini bermaslik hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarda mavjud qurollarni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha olib qo‘yish tartibini joriy etish belgilanyapti.
Taklif etilayotgan yana bir muhim o‘zgarish narkologik kasallikka chalingan shaxslarni davolash tartibi bilan bog‘liq bo‘lib, loyihada bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ham sud qarori bilan davolashga yuborilishi mumkinligi nazarda tutilyapti.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari loyihani takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi huquqbuzarliklarning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, fuqarolarning hayoti va sog‘ligini yanada himoyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA