Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq-majburiyatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, tadbirkorlik faoliyatini olib borishda shaffof muhit yaratilgan. Shunday bo‘lsa-da, jamiyatda o‘rnatilgan odob-axloq me’yorlarini buzib, nizom talablarini mensimaslik holatlari uchrayotgani ham bor gap.
Farg‘ona viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida ko‘rilgan holat – joriy yilning 29 yanvar kuni tuman markazidagi avtoshohbekatda sodir bo‘lgan mushtlashuv ham ayni shu masalaga daxldor.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchilar Z.J., J.R., S.X., B.M., A.A., I.R. va L.U. lar avtoshohbekatda Beshariq – Toshkent, Beshariq – Farg‘ona, Beshariq – Qo‘qon, Beshariq –Furqat, shuningdek, tuman ichki qismidagi Zarqaynar, Dehqonto‘da, Chorbog‘to‘rangi, Rapqon qishlog‘i va uning atrofidagi qishloqlar yo‘nalishida qatnovchi taksischilar faoliyatini o‘zboshimchalik bilan boshqarish huquqini qo‘lga kiritishni maqsad qilishadi. “Mo‘maygina daromad” – mazkur yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan taksichilardan kunlik yig‘imni ko‘zlagan uyushgan guruh oldindan rejalashtirilgan jinoiy xatti-harakatni amalga oshiradi.
Natijada jabrlanuvchilar – B.Sh., P.T., X.O‘., A.T., L.I., J.A. va D.G‘.larga nisbatan zo‘ravonlik qilib, qasddan kuch ishlatgan holda turli darajadagi tan jarohati yetkazadi.
Sudlanuvchilar majlisda o‘z ayblariga to‘liq iqror bo‘lishdi. Barcha jihatlar va tafsilotlarni batafsil o‘rganib chiqib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topildi va tegishli jazo tayinlandi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, o‘zgalarning qonun doirasidagi faoliyatiga aralashish, ayniqsa, kuch ishlatish va zo‘ravonlik ko‘rsatish yaramaydi. Tadbirkorlik sohasidagi sog‘lom raqobatni ta’minlash esa yurtimiz va xalqimiz uchun foydali natijalarga zamin yaratadi.
O.Xasanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudining raisi