Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Mazkur loyiha bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi departament boshlig‘i Murod Muhammadiyev batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan mahalliy mehnat organlariga ro‘yxati taqdim etilgan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat tashkilotlariga yo‘llanma asosida ishga joylashtirish taklif etilyapti. Bunga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asos bo‘ladi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari mazkur jarayonni amalga oshirish mexanizmlari bilan qiziqdi. Bunga javoban qonun tashabbuskorlari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni maxsus talabnoma bilan mahalliy mehnat organiga yuborishini, mazkur tashkilot esa ularni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishini ta’kidladil.
Muhokama va taklif, mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar (oilalar)ning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ijtimoiy ishni tashkil etish nazarda tutilgan “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA