Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zo‘ravonlik bilan bog‘liq xabarlarning inson tabiatiga ta’siri qanday?
14:24 / 2022-10-26

Bugun ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchisi ko‘p blogerlar yoki xususiy saytlardagi xabarlarning aksariyati qotillik, zo‘ravonlik bilan bog‘liq sarlavhalarda tarqatilayotganini barchamiz kuzatamiz. Aksariyat saytlardagi bunday mavzudagi xabarlarda qonga botirilgan pichoq, bo‘yinga solinadigan arqon surati aks ettiriladi.

Xo‘sh, salbiy xabarlar inson salomatligiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? Uning oqibatlari nimalarga olib keladi?

Ushbu savollarga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri psixolog Shoira Isoqovaga yuzlandi.

— Ayrim saytlar yoki telegram kanallarida berilayotgan salbiy xabarlarning insonlar kayfiyatiga ta’siri qanday?

— Sodir etilgan qotillik va buzuqliklarni ayrim saytlar insonlar kayfiyatiga salbiy ta’sir etadigan usulda yoritadi. Bunday axborotlardan muttasil xabardor bo‘lish asta-sekin insonni atrofidagilarga nisbatan befarq qilib qo‘yadi. Loqayd, bag‘ritoshga aylanib qolayotganini o‘zi tan olgisi kelmaydi. Insonlar vahshiylik qilsa, mana, bo‘larkanu, juda to‘g‘ri ish qilibdi, bunga shu ham kam, degan fikrga kelishi mumkin.

Umuman olganda, ayollar bilan bog‘liq zo‘ravonliklarning ochiq ko‘rsatilayotganligi, korxona yoki tashkilotdagi mutasaddilar o‘z ishini yaxshi bajara olmayotgani, tajribasi yetmayotgani yoki qonunni buzib, aylanib o‘tish holatlariga nisbatan yarashmagan hayqiriqlar bilan chiqish o‘zbek sigmenti uchun uyatli.

Qotillik, zo‘rlash bilan bog‘liq axborotlarning tarqatilishi nafaqat ertangi kunga ishonchsizlik, balki odamlarda jamiyatga nisbatan norozilik kayfiyatini ham uyg‘otadi. Natijada tashkilotlar, hokimliklar ishlamayapti, degan qarash, ichki ishlar tizimiga «tosh otish»lar bo‘ladi. Har bitta jarayonda o‘ziga xos muammolar mavjud.

Salbiy voqealarni ko‘rish insonning ijobiy energiyasiga, kayfiyatiga ham ta’sir qiladi. Yomon tushlar ko‘rishi, uyqusi buzilishi, jizzakilik yoki mutlaqo tushkunlik va depressiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Agar yomon axborotlarga nisbatan insonning o‘zida informatsion immunitet shakllanmasa, ularni axborot ta’siridan qutqarib olish juda qiyin. Chunki ko‘pchilik negativ axborotlarni qidirib, o‘zi ham salbiy xarakterni yuqtirib olayotganini sezmay qoladi.

— Buning oqibati nimalarga olib kelishi mumkin?

— Oqibatda turli kasalliklar, siqilish, yig‘loqilik, emotsional tanglik, maqsadni yo‘qotib qo‘yish, zo‘riqish kabi kasalliklar kelib chiqadi. Shu sababli psixologlar uyquga yotishdan oldin va uyg‘ongach, imkon darajasida ruhiyatga og‘ir ta’sir qiluvchi filmlar ko‘rmaslikni tavsiya etishadi. Chunki axborot tarqatayotganlar obunachini ko‘paytirish maqsadida voqealarni bo‘rttirib, vahimali qilib ko‘rsatadi.

Noxush holatlarni ko‘rganimizda, eng avvalo bizda qo‘rquv paydo bo‘ladi. Ana o‘sha qo‘rquv tanamizga, ruhiyatimizga, qilayotgan ishimizga, oilamizga ta’sir qilishi tabiiy. Axloqsizliklar har qanday jamiyatda uchrashi mumkin. Aslida odam axloqsizliklardan, yomonliklardan xulosa chiqarishi kerak. Ammo hamma ham o‘z dunyoqarashi ustida ishlay oladimi? Fikrlash tarzini o‘zgartira oladimi? O‘zini-o‘zi nazorat qila oladimi? Bu judayam muhim hisoblanadi.

Chunki har qanday axborot inson ongida juda ko‘p marta takrorlansa, oddiy holatdek tuyuladi. Zo‘ravonlikka qarshi esa ilm-ma’rifat bilan kurashish lozim.

Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA