Zomin o‘zining tog‘lari, kengliklari, toza havosi, tanti, jasur va mard aholisi bilan qanchalik mashhur bo‘lsa, ushbu hududda o‘tkaziladigan har bir uloq-ko‘pkari nafaqat yurtimizda, balki minglab chaqirim uzoqlarda ham ma’lumu-mashhur. Buning bir qancha sabablari bor ekan. Avvalo, o‘yindagi halollik, tartib-intizom.
Uloq-ko‘pkari barcha talablarga mos o‘tishi, muxlislarga a’lo kayfiyat ulashishi uchun tashkilotchilar bor imkoniyatlarini ishga soladilar.
Bu yerda butun Markaziy Osiyoning eng sara otlari va chavandozlarini uchratasiz. U otlarni, undagi mahoratli polvonlarni ko‘rgani minglab odamlar dovon osha, qir osha yetib keladilar.
Oqtosh maydoni Toshkentdan chamasi 180 km uzoqlikdagi masofada joylashgan bo‘lib, atroflari baland qir-adirliklar bilan o‘ralgan. Chavandozlarning uloq olib, ot chopishlari uchun qulay tekis maydon hosil qilingan. Maydonda qirg‘iz, qozoq, tojik polvonlarini ham ko‘plab uchratish mumkin. Ular o‘z milliy kiyimlari bilan ajralib turishadi.
Bu yerga kelgan odam olam-olam zavq oladi. Uloq uchun chavandozlarning jadal kurashga kirishishlari, hayqiriqlari, muxlislarning bor ovozda baqirib, o‘z chavandozlarini qo‘llab-quvvatlashi – bularning barchasi insonni bir muddat moziyga olib ketgandek bo‘ladi go‘yo. Chunki, barchasi xuddi qadimgi davrlardagidek, eski udum va an’analarimizga xos o‘tadi.
Eng qiziq joyi maydon atrofida sodir bo‘ladi. Ko‘p mingsonli muxlislar, ko‘pkari ishqivozlari o‘zlari bilan olib kelgan mahsulotlarini dala sharoitida tayyorlab, yuqori ishtaha bilan tanovul qilishadi va uloqni ham ko‘zdan qochirmaydilar. Yaqinlari bilan dasturxon atrofida qiziqarli suhbatlar qurib, quvnoq muhitdan zavqlanib, dam oladilar. Shu kuni oshpazlar, tadbirkorlarning ham ishi baroridan keladi. Lekin, e’tiborli tomoni narx-navo ko‘tarilib ketmas ekan.
Ko‘pkarining o‘zi 17-18 noyabr kunlari o‘tkazilib, tashkilotchilar g‘oliblarga katta sovrinlarni taqdim etdi. Masalan, qimmatbaho avtomobillar, 50 million so‘mdan yuqori pul mukofotlari va har bir g‘olib uchun 10 boshdan ziyod tuyalar o‘ynaldi. Qoida bo‘yicha, har kim o‘zi uchun o‘ynaydi — jamoaga bo‘linish degan narsa yo‘q, ammo ba’zida ikki-uch kishi bir jamoa bo‘lib harakat qilishi ham mumkin. G‘irrom o‘yinchilarni tajribali hakamlar nazorat kameralari yoki dron yordamida aniqlaydilar va ular o‘yindan chiqarib yuboriladi. Ko‘pkarida qatnashuvchilar soni va yoshiga cheklov yo‘q. O‘ziga ishongan har qanday chavandoz baxtini sinab ko‘rishi mumkin.
Chavandoz uchun uloqni yerdan olib, yuzlab raqiblar orasidan olib chiqish va marraga eltish oson ish emas albatta. Buning uchun u va uning oti yillar davomida shug‘ullangan bo‘lishi kerak. Ko‘pkari mavsumi oktyabr-noyabrda boshlanib, asosan dehqon dalasidan hosilini yig‘ishtirib olgach, bir muddat qo‘li bo‘shaganidan so‘ng boshlanadi. Kuzda, bahorda ob-havo ham uloq-ko‘pkari uchun mos bo‘ladi.
Tulporini ko‘pkariga solib, uning narxini oshirib olishni maqsad qilgan yoki shunchaki maydonni bir aylanib, ketadigan chavandozlar ham yo‘q emas.
O‘yinning asosiy qoidasi uloqni bir marradan ikkinchi marraga olib borish. Uloqni taqimidan tushirmay, raqiblariga oldirib qo‘ymay, marraga yetkaza olgan chavandoz va’da qilingan sovrin egasiga aylanadi.
Bu safargi musobaqada Boburshoh, Shohrux, Bahodir, Mirsodiq, Diyorbek, Mahkam, Ilyos kabi polvonlarning nomlari va otlarining laqabi yana baralla yangradi.
Ko‘pkari ishqibozlari orasida bolalar ham ancha-muncha. Ular ham hozirdanoq polvonlik uchun o‘zlariga zamin yaratib borishmoqda. Xullas ikki kunlik musobaqalar odamlarimizda unutilmas taasurotlarni qoldirdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/092QQYqR7gQ" title="Zominning Oqtosh maydonida katta ko‘pkari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA