Jizzax viloyatining Zomin tumanida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari uchun uch kunlik forum o‘tkazilmoqda.
Respublikamizdagi 200 dan ortiq OTMlarning 180 nafar yetakchilari davlat bayrog‘ini baland ko‘targan holda so‘lim “Zomin” bolalar yozgi dam olish oromgohiga harbiy orkestr sadolari ostida tantanavor kirib keldi.
Mehmonlar milliy an’analarimizga monand non-tuz bilan kutib olindi.
Prezidentmiz raisligida joriy yilning 11 aprel kuni o‘tkazilgan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga yuklatilgan topshiriqlari doirasida va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining joriy yil 29 martdagi qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yoshlar yetakchilarini joylarda olib borayotgan ishlarini rivojlantirishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Forum ishtirokchilari uch kunlik forum dasturi bilan tanishtirildi. Qatnashchilar to‘rt guruhga bo‘lindi. Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev “Yoshlarga oid davlat siyosatida yangi tashabbuslar” mavzusida ma’ruza qildi. Jamoaviy faoliyat olib borish, oliy ta’lim muassasalarida yoshlar kengashini shakllantirish mexanizmlari xususidagi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining ochiq muloqot tarzidagi chiqishi, yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
“Yoshlar yetakchilarining vazifalari va ularning ish faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari” mavzusidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti yoshlar yetakchisi F.Odilovaning jonli va asosli misollar bilan qilgan ma’ruzasi forum qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
[gallery-12105]
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari forumi davomida – Davlat boshqaruvi akademiyasi, mamlakatimizdagi qator nufuzli universitetlar akademik, professor va o‘qituvchilari, O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi rahbar va yetakchi mutaxassislarining ma’ruza, davra suhbati va saboqlarida ishtirok etadi.
Shuningdek, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, turli qiziqarli sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etishlari ham forum dasturidan o‘rin olgan.
Yoshlar yetakchilari forumi ishtirokchilari Jizzax davlat pedagogika universitetida yoshlar yetakchisi hamda oliygoh faoliyati bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA