Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zominda yangi aeroport ish boshladi
10:26 / 2023-09-02

Mamlakatimizda mustaqilligimizning 32 yilligi keng nishonlanayotgan bugungi shodiyona kunlarda Jizzax viloyatining Zomin tumani “Laylak uya” massivi hududida “Zomin” aeroporti qurilib foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda viloyat va tuman hokimliklari, sektorlar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

Joriy yilning 24 iyul kuni ushbu aeroportga mamlakatimiz poytaxti – Toshkentdan ilk samolyot parvozi amalga oshirilgani va mazkur ob’ektda qurilish ishlari jadallik bilan olib borilayotgani haqida  O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bergan edi.  

Prezidentimizning 2022 yil 26 oktyabrdagi “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi 412-sonli qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyatida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish, mintaqaviy aviatashuvlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilib, aholining aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini qondirish hamda fuqaro aviatsiyasi sohasida raqobat muhitini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi va buning samarasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi sharafiga Zomin tumanidagi “Laylak uya” massivida “Zomin” aeroporti qurilib foydalanishga topshirildi. Endi  aviaqatnovlar izchilligi belgilangan jadval asosida yo‘lga qo‘yiladi.  

“Zomin” aeroportining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan rasmiy ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa keyingi yetti yilda Jizzax viloyatida, jumladan Zomin tumanida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, aholiga yaratilgan qulayliklar xususida to‘xtalib o‘tdi.  

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyihaning amalga oshirilishi Zomin aholisi daromadining ko‘payishiga xizmat qiladi. Zero loyiha ortidan mahalliy aholi ishlab, daromad topadigan ko‘plab infratuzilmalar, jumladan, umumiy ovqatlanish, transport, milliy suvenirlar, taomlar, kiyimlar savdosi, restoran, kafe, mehmonxonalar va boshqa xizmat ko‘rsatish turlari rivojlantiriladi hamda yangi ish o‘rinlari yaratiladi, – dedi Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev.  

“Tress– 001” qurilish tashkiloti tomonidan bunyod etilgan “Zomin” aeroporti 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminaliga ega bo‘lib, qurish uchun 60 gektar yer maydoni ajratilgan. Ob’ektda jami 200 dan ziyod ishchi xodimlar va 110 maxsus transport vositalari jalb etilib, keng qamrovdagi bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetmoqda.  

Shuningdek, hozirda aeroport infratuzilmasi, muhandislik kommunikatsiyasi, uchish-qo‘nish, harakatlanish yo‘laklari va perronni loyihalash hamda qurilish, uchish va qo‘nishni ta’minlash bo‘yicha radio va aeronavigatsiya uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish ishlari belgilangan reja asosida olib borilmoqda.  

Tashqi va ichki turizm sohasining eng muhim va e’tibor talab etadigan muhim jihatlardan biri – bu transport infratuzilmasidir. Betakror go‘zallikka ega Zominga kelgan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun transport infratuzilmasining qanchalik darajada qulay va samarali bo‘lishi, ularning sayohat davomiyligini uzaytirishiga sabab bo‘ladi.  

Yodingizda bo‘lsa, 2022 yilning 5 oktyabridan boshlab Zomin tumanining Dashtobod shaharchasi temir yo‘l bekatiga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi to‘xtab o‘tishi tashkil etilgani hamda yaqindagina, zamonaviy dor yo‘li foydalanishga topshirilgani haqida ham O‘zA xabar tarqatgan edi.  

Bulardan tashqari, “Zomin” turistik-rekreatsion zonasining bosh rejasiga muvofiq hududda dastlabki qiymati 2 trillion 800 milliard so‘mlik bo‘lgan 225 o‘rinli anjumanlar saroyi, oilaviy ko‘ngil ochar markazi, 4 ta to‘rt yulduzli, 7 ta uch yulduzli mehmonxonalar, 6 ta apartament uylari, 7 ta restoran va kafelar, 8 kilometrli tog‘ chang‘i uchish trassasi, 13 ta attraksionlar qurilishi rejalashtirilgan.  Ayni paytda, “Suffa” platosida tijorat banklarining mablag‘lari hisobidan 3 ta zamonaviy 360 o‘rinli mehmonxonani qurilish ishlari yakuniga yetganini ham ta’kidlash joiz.  

Zomin tumaniga sayyohlarning kelib-ketishlari va miriqib hordiq chiqarishlari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratilgan bo‘lsa, bugun foydalanishga topshirilayotgan aeroport va aviaqatnovlar orqali  respublikamizning olis hududlaridan mahalliy sayyohlarni, poytaxt Toshkent shahri va boshqa viloyatlarimizdan xorijiy sayyohlar guruhlarining kelishlarini samarali tashkil etish imkoniyati yaratiladi.  

Muxtasar qilib aytganda, “Zomin” aeroportining foydalanishga topshirilishi, jizzaxliklar hamda ichki va tashqi sayyohlar uchun mamlakatimiz mustaqilligi tantanalari kunlari munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.  

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA