Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zominda kasbiy ta’lim bo‘yicha Shveysariya loyihasi
09:39 / 2025-04-11

O‘zbekistonda kasbiy ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Shveysariya tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbekiston kasbiy ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash (VYeT4UZ) – I bosqich” loyihasi ijrosini o‘rganish maqsadida tashqi baholashni o‘tkazish uchun tayinlangan baholash guruhi a’zolari xizmat safari bilan Zomin turizm va madaniy meros texnikumiga keldi.

Ushbu o‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad  loyihaning birinchi bosqichi (2021–2025 yillar) davomida ta’lim muassasasida amalga oshirilgan ishlarning samaradorligini, dolzarbligini, barqarorligini va ta’sirini baholashdan iborat edi.

Baholash guruhi a’zolari Zomin texnikumining o‘quv jarayonlari, kasbiy ta’lim metodikalari, shuningdek, loyihaning natijalari va uning mahalliy ta’lim tizimiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishtirildi.

“VYeT4UZ” loyihasining asosiy maqsadi  O‘zbekistonning kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilish, shuningdek, xorijiy tajriba va investitsiyalarni jalb qilishdir.  

Baholash jarayonida loyiha doirasida amalga oshirilgan barcha islohotlarning samaradorligi va dolzarbligi muhokama qilindi hamda kasbiy ta’lim sohasidagi mavjud yutuq va yuzaga kelgan kamchiliklar adolatli tarzda baholandi.

Baholash guruhi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar loyihaning nafaqat bugungi kunda, balki kelajakda ham ta’sirini baholashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tish lozim. Guruh a’zolarining maqsadi olingan saboqlar va tajribalardan kelajakdagi strategiyalarni shakllantirishga yordam berishdan iboratdir.  

Shuningdek, loyiha doirasida o‘rganish o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari, yangi kasbiy kurslar, amaliyotlarni tashkil etish kabi jihatlar loyihaning samarali amalga oshirilganligini ko‘rsatdi.

Zomin turizm va madaniy meros texnikumida o‘rganish davomida baholash guruhi o‘quv jarayonlari, yangi metodologiyalar va ta’lim tizimining amaliy natijalari bilan ham yaqindan tanishdi.  

[gallery-22749]

Baholash guruhi a’zolari texnikumda o‘quvchilar uchun tashkil etilgan zamonaviy o‘quv muhiti, kasbiy tayyorgarlik darajasi, ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy mashg‘ulotlar “VYeT4UZ” loyihasi samaradorligini yanada oshirishga qaratilganligini alohida ta’kidlashdi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar yakunida baholash guruhi a’zolari o‘zlarining amaliy tavsiyalarni ham taqdim etdi. Jumladan, kelgusi islohotlar va kasbiy ta’lim sohasida yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qadamlar belgilandi. Loyiha doirasidagi saboqlar, ayniqsa, kasbiy ta’limga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, o‘quvchilarning ish bozoriga moslashtirilgan ko‘nikmalarini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, kasbiy ta’lim sohasida davom etayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Kelgusi yillarda esa bu kabi dasturlar ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga, yangi imkoniyatlar yaratishga va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari