Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zominda chiqindi muammosiga barham berildi
10:51 / 2025-09-23

Jizzax viloyatining Zomin tumanida chiqindi tashish xizmati to‘liq qamrovga ega bo‘ldi. Ilgari 39 ta qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inidan 34 tasida sanitariya xizmatlari ko‘rsatilib kelingan bo‘lsa, shu haftaning boshiga kelib, tumanning barcha hududlari – 100 foizi mazkur xizmat bilan ta’minlandi.

Mazkur o‘zgarish “Eko-Sfera” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Zomin tuman bo‘limiga 7 ta maxsus chiqindi tashish transporti vositasi — 2 ta avtotexnika va 5 ta motorollerning tantanali topshirilishi orqali amalga oshirildi. Bu texnika vositalari tumanning oldin qamrab olinmagan “Chorvador”, “Beshkubi”, “Peshag‘or” qishloq fuqarolar yig‘ini hamda “To‘rttom” va “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 55 ming nafar aholiga muntazam sanitariya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.

Ushbu yangilik munosabati bilan “Eko-Sfera” MCHJ Zomin tuman bo‘limida tadbir tashkil etildi. Unda Jizzax viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov, Zomin tuman hokimi o‘rinbosari Eldor Mahmanazarov, “Eko-Sfera” MCHJ rahbari Bunyod Sariboyev hamda sohaga daxldor mutasaddilar ishtirok etishdi.

– Bu xushxabardan xalqimiz juda mamnun, – deydi “Qayirma” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Mamadaminov. – Ilgari chiqindilar haftada bir marta olib chiqib ketilgan bo‘lsa, endilikda “Mustaqillik”, “Taraqqiyot”, G‘afur G‘ulom nomli mahallalarda ham har kuni tozalik xizmati yo‘lga qo‘yildi. Har bir ko‘cha, har bir guzarda chiqindi sochilib yotishiga chek qo‘yiladi. Biz esa aholiga chiqindini belgilangan joyga tashlash bo‘yicha tushuntirish ishlarini doimiy ravishda olib bormoqdamiz.

Hozirda Zomin tumanida 22 ta maxsus texnika va 120 nafar xodim sanitariya-tozalash ishlariga jalb etilgan. Tadbir davomida 4 ta mahallada istiqomat qiluvchi aholiga chiqindilarni saralash va alohida yig‘ish uchun maxsus qoplar tarqatildi. Yaqin kelajakda chiqindi poligoniga yaqin joylarda kichik hajmdagi maxsus transport vositalaridan foydalanish, har bir ko‘chaga aniq texnika biriktirish va ularning faqat chiqindi tashish ishlariga jalb qilinishi nazarda tutilgan. Bu tajriba boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.

– Aholini chiqindiga “keraksiz narsa” deb emas, balki ikkilamchi xomashyo va qo‘shimcha daromad manbai sifatida qarashini shakllantirish – asosiy maqsadimizdir, – deydi “Eko-Sfera” MCHJ rahbari Bunyod Sariboyev. – Avvalo chiqindi tashish xizmatlarini rejali va oqilona yo‘lga qo‘yish orqali bu maqsadga birinchi qadam tashlandi.

Tadbir yakunida yangi maxsus texnikalar haydovchilariga topshirilib, xizmat ko‘rsatish manzillariga jo‘natildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),  

O‘zA muxbirlari