Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zomin va Baxmal tumanlari yagona turizm halqasiga birlashtiriladi
16:18 / 2026-01-06

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan Baxmal tumanining Boyqo‘ng‘ir qishlog‘ida turizmni rivojlantirishga qaratilgan master-reja ishlab chiqildi.

Loyiha Germaniyaning klasterli rivojlanish yondashuvi asosida tayyorlandi.

Master-reja Baxmal va Zomin tumanlaridagi tog‘ hududlarini o‘zaro bog‘lab, ularni yagona turizm halqasi sifatida rivojlantirishni nazarda tutadi. Hujjatda hududning tabiiy, rekreatsion va iqtisodiy salohiyati kompleks baholanib, turizmni barqaror va yil davomida faoliyat yuritadigan sohaga aylantirish maqsad qilib olingan.

Tahlillar natijasida salomatlik turizmi, sport va tog‘ turizmi, ekoturizm hamda agroturizm hududni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Master-rejada mavsumiylikni kamaytirish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtirish va turistlar oqimini yil davomida barqaror saqlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Pilot loyihalarning to‘rttasi yirik investitsiya loyihalari hisoblanib, ular doirasida nafas yo‘llari kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan sanatoriy, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya xizmatlariga mo‘ljallangan kurort mehmonxona, sport majmuasi va sportchilar mehmonxonasi, shuningdek, dor yo‘li, ziplayn, turli attraksionlar, kuzatuv minoralari, savdo nuqtalari, fudkort va restoranlarni o‘z ichiga olgan ko‘ngilochar hududni tashkil etish rejalashtirilgan.

Master-rejani amalga oshirish uchun hududni zarur infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash maqsadida 7,4 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada qariyb 40 million dollarlik investitsiyalarni jalb etish, 19 gektar yer maydonini auksion savdolariga chiqarish va 300 dan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratish imkoni paydo bo‘ladi.

MHTI axborot xizmatiga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi natijasida kuz-qish mavsumlarida ham barqaror turistlar oqimi ta’minlanadi, bahor-yoz oylarida esa turistlar soni 7-10 barobargacha oshadi. Master-reja Zomin va Baxmal tumanlaridagi tog‘ hududlarini o‘zaro integratsiya qilib, hududning turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA