English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zomin tumani hokimi: “Asosiy maqsadimiz – el-yurt xizmatida bo‘lib, xalqimizning roziligiga erishishdir”
15:46 / 2022-01-01

Jizzax viloyatining Zomin tumanini mamlakatimizda  bilmaydigan, eshitmagan kishining o‘zi bo‘lmasa kerak.

Zomin o‘zining go‘zal tabiati, fusunkor tog‘lariyu betakror soylari, mehmondo‘st aholisi bilan mashhur. So‘nggi besh yilda amalga oshirilayotgan islohotlar jumladan, aholi turmush darajasini yaxshilash, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarning rivojlanayotgani Zomin tumani hayotida ham o‘z samarasini ko‘rsatdi.

Xo‘sh o‘tgan yillarda tumanda qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi? Aholi turmush farovonligini yanada oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalar haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev bilan suhbatlashdi.

–Zomin tumanida 2021 yilda rejalashtirilgan loyihalar va ularning amalga joriy etilishi  qanday natijalar berdi?

– Juda soz, bu borada maqtansak arzigulik natijalarni qo‘lga kiritganmiz, –dedi A. Abdug‘aniyev. – 2021 yilda qiymati  328 milliard 500 million so‘mlik 60 ta loyiha amalga oshirilib,  mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoat sohasida 7 milliard 2 million so‘mlik  6 ta loyiha amalga oshirilib 93 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish sohasida 93 milliard 900 million so‘mlik 19 ta loyiha joriy etilishi samarasida 228 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 219 milliard so‘mlik 35 ta loyiha hayotga tatbiq etilib 687 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

2021 yil yanvar-sentyabr oylarida qiymati 32 milliard 900 million so‘mlik 17 ta loyihani ishga tushirish, 168 ta ish o‘rni yaratish belgilangan edi. Amalda esa 76 milliard 700 million so‘mlik 32 ta loyiha ishga tushirildi va 192 nafar zominliklar doimiy ish bilan ta’minlandi. Shu jumladan, sanoat sohasida 5 milliard 300 million so‘mlik  2 ta loyiha amalga oshirilib, 19 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 15 milliard 100 million so‘mlik 10 ta loyihani ishga tushirish samarasida 27 ta, qishloq xo‘jaligida 59 milliard so‘mlik 20 ta loyiha natijasida 155 ta yangi ish o‘rni yaratdik.

– Mamlakat iqtisodiyoti rivojida tashqi va ichki investitsiyalarni jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada tumanda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Juda to‘g‘ri ta’kidladingiz. Kiritilgan har  bir  dollar tashqi va har bir so‘mlik ichki investitsiya tuman iqtisodiyotini tiklash, eng asosiysi aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tumanda joriy yilning yanvar-noyabr oylarida 6 million AQSH dollarilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan edi. Amalda esa bu ko‘rsatkich 15 million 500 ming dollarlarga yetkazildi.

Tumanning ichki hududiy investitsiya dasturiga asosan 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunda umumiy qiytmai  105 milliard 500 ming so‘mlik 32 ta ichki investitsiya loyihalari ishga tushirildi.

– Pandimeya butun dunyo iqtisodiyotiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazdi. bugungi kunda tumanda nechta tadbirkorlik sub’ektlari o‘z faoliyatini yangidan boshladi, pandimeya sabab to‘xtab qolgan nechta tadbirkorlik sub’ektlari, korxonalar tiklandi va ushbu xayrli ishlar natijasida nechi kishining bandligi ta’minlandi?

– Darhaqiqat, pandimeya nafaqat iqtisodiyotga, boshqa sohalarga ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazdi. Bunday holatdan faqat hamjihatlik bilan chiqib ketishimiz mumkin ekanligini Davlatimiz rahbari isbotlab berdilar va bu o‘zining amalda samarasini berdi. 2021 yilning 1 yanvar holatiga tumanda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 1 ming 405 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yanvar-noyabr oylarida 325 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va ularning soni 1 ming 730 taga yetdi. Faoliyatini yangidan boshlagan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 1 ming 116 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Pandemiya sababli 1 ming 19 ta shundan, sanoat sohasida 96 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 250 ta, nooziq-ovqat mahsulotlari savdosi bo‘yicha 312 ta, qurilishda 14 ta, umumiy ovqatlanishda 24 ta va boshqa sohalarda 323 ta tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgan hamda 3 ming 560 nafar ishchi-xizmatchilar daromadsiz qolgan edi. bugungi kunga qadar mazkur korxonalarning barchasi faoliyatini qayta tikladi, buning natijasida ishsiz qolgan 3 ming 560 nafar fuqarolarning bandligi to‘liq qayta ta’minlandi.

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini aholi, ayniqsa ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlanayotganida ko‘rishimiz mumkin. 2021 yilda tuman aholisi jumladan qancha ehtiyojmand oilalar uyli bo‘ldi? 

– Bundan 5-6 yil muqaddam aholini uy-joy bilan ta’minlash, bu borada ehtiyojmandlar borligi haqida birov gapirmagan edi. Bugun bu masala eng og‘riqli nuqtalarimizdan biri ekanligini vaqtning o‘zi ko‘rsatib qo‘ydi. Bu yil tumanimizda “Qishloqqurilishinvest” IK MCHJ buyurtmachiligida tijorat banklari kreditlari asosida 9 ta 5 qavatli 20 xonadonli arzonlashtirilgan, 27 ta 1 qavatli, 4 sotixli hamda talabgorlarning mablag‘lari va tijorat bank krediti hisobidan 69 ta 2 qavatli, 4 sotixli, birlashtirilgan  uy-joylarda qurilish ishlari amalga oshirildi. 9 ta 5 qavatli uy-joylarning 6 tasida foydalanishga topshirilishi natijasida 120 ta uy-joyga ehtiyojmand oilalar uyli bo‘ladi. Shundan, 25 nafar ijarada yashayotgan, uy-joyi mavjud bo‘lmagan, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar, 12 tasi nogironligi mavjud bo‘lgan oilalarni tashkil qiladi. Bundan tashqari, subsidiya asosida 2 ta 5 qavatli 160 xonadonli arzonlashtirilgan uy-joylarda qurilish ishlari ham amalga oshirilmoqda. 

Tuman hududida istiqomat qilayotgan 13 nafar kam ta’minlangan oilalarga uy-joylarini ta’mirlash uchun qurilish materiallari olib berildi. Tuman markazidagi 3 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida 286 ta yakka tartibda uy-joylarda joriy ta’mirlash ishlari yakunlandi. 

“Obod qishloq” dasturiga asosan 7 ta mahallada jami 356 ta yakka tartibdagi uy-joylar joriy ta’mirlandi. 2022 yilda bu boradagi ishlarimizni izchillik bilan davom ettirishni rejalashtirganmiz.

– Bugun Zomin katta qurilish maydoniga aylandi. Yangi qurilishlar, shu jumladan ijtimoiy ob’ektlar, sanoat, aholiga maishiy va savdo xizmati ko‘rsatadigan ob’ektlar, yo‘l qurilishida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, buni tan olmay ilojimiz yo‘q.

– Fikringizga qo‘shilaman. 2021 yilda tumanda 3 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari yangidan qurilib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, kelgusi yil yangidan qurilayotgan 2 ta yangi umumta’lim maktabi, o‘lkashunoslik muzeyini foydalanishga topshirishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, favqulodda vaziyatlar va yong‘inga qarshi kurashish bo‘limi binosida rekonstruksiya qilish ishlari izchillik bilan davom etirilib nihoyasiga yetkaziladi. 4 ta umumta’lim maktabi kapital rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, 7 ta umumta’lim maktabi mukammal ta’mirdan chiqarildi, 30 ta umumta’lim maktabida isitish tizimi qayta rekonstruksiya qilindi, 12 ta umumta’lim maktabi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 3 ta tibbiyot muassasamizda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi. Zomin tuman tibbiyot birlashmasi va Dashtobod shahar shifoxonasiga tibbiyot uskunalari to‘liq yetkazib berildi. 

“Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Zomin avtoshoxbekati” filiali yangidan qurib bitkazildi. 2 ta savdo majmuasi, 2 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchasi qurildi. 

Aholi dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratib berish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida “Zominsoy” kanali atrofida ko‘ngilochar maskanlar qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar 2022 yilda ham davom etadi.

– “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularni bu ro‘yxatdan chiqarish maqsadida bevosita sizning rahbarligingizda tumanda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Tumanimizda kambag‘allikni qisqartirish, iqtisodiyotimizni tiklash, shu orqali aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. “Temir daftar” ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar soni 2 ming 752 tani, oila a’zolari soni 12 ming 575 nafarni, mehnatga layoqatli fuqarolar soni 3 ming 782 nafarni tashkil etadi.

bugungi kunga qadar mehnatga layoqatli ishsizlarning barchasi oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, o‘zini-o‘zi band qilish sohalarida bandligi ta’minlandi. 

Hududdagi homiylar, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar” ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga jami 3 milliard 782 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, bugungi kunga qadar oilaviy sharoiti yaxshilangan 2 ming 679 ta oila xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlariga asosan “Temir daftar” ro‘yxatidan chiqarildi. 

 Zomin tumanida bugungi kunda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 31 ming 610 nafar (15 ming 346 nafar qizlar)ni tashkil etadi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi hamda kasb-hunarga o‘qish istagida bo‘lgan, ijtimoiy muammolari bor 1 ming 174 nafar yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, “Yoshlar daftari” onlayn platformasiga kiritilgan.

Belgilangan qat’iy reja asosida 2021 yilda tumandagi “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 1 ming 76 nafar yoki 91,6 foiz yoshlarning muammolari bartaraf etilib, “Yoshlar daftari” dan chiqarildi.  Xususan, 251 nafar yosh doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 158 nafar yoshlarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.  294 nafar yoshga dehqonchilik qilish uchun yer maydoni ajratildi, 19 nafar yosh “Ustoz-shogird” an’anasi doirasida hunarmandlarga biriktirildi, 28 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi 132-sonli qaroriga asosan tuman Vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlanib, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tumanda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi tashkil qilindi. bugungi kunda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 494 nafar yoshga 1 milliard 217 million 700 ming so‘m miqdoridagi moddiy va amaliy yordamlar ko‘rsatildi. 

“Ayollar daftari” bo‘yicha ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Tumanimizda tashkil etilgan Ishchi guruhi tomonidan 30 yoshdan  yuqori bo‘lgan 29 ming 675 nafar ayollar aniqlanib, ijtimoiy holati o‘ta og‘ir bo‘lgan 2 ming 32 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari” ga  ro‘yxatga olindi va ular  belgilangan tartibda 9 turdagi toifalarga bo‘lindi. Ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlar ishga joylashtirilib, tibbiy yordam berildi. Homiylar va xayriya fondlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, “Ayollar daftari” jamg‘armasidan bir martalik moddiy yordam pullari tarqatildi. 

–2022 yilda Zomin tumanida amalga oshiriladigan  yangi loyihalar xususida ham gapirib o‘tsangiz?     

– 2022 yilda tumanimizning mavjud eksport salohiyatini oshirish va yangi bozorlarni topish, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va ularni tashqi bozorlarga olib chiqish hamda aholiga yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. 

Xususan, 745 milliard 900 million so‘mlik 46 ta investitsiya loyihalari asosida  820 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu loyihalarning 11 tasi yoki 61 milliard 900 million so‘mligi sanoat sohasiga tegishli bo‘lib 153 ta yangi ish o‘rni, 14 tasi yoki 500 milliard 600 million so‘mligi xizmat ko‘rsatish sohasida bo‘lib, 205 ta yangi ish o‘rni va qolgan 21 tasi  yoki 183 milliard 300 million so‘mligi qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni tashkil etib, unda 462 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirganmiz.

Bu borada tuman hokimligi tomonidan investorlarga qulaylik yaratish, tumanning investitsion jozibadorligini yanada oshirish maqsadida tadbirkorlarga yer maydonlarini o‘z vaqtida ajratish, tarmoq jadvaliga asosan hududni zarur infratuzilmaga ulash va montaj ishlarini olib borish kabi zaruriy amaliy yordamlar tizimli ravishda berib boriladi.

Prezidentimiz yangi yil tabriklarida 2022 yilni – “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qildilar. Joriy yilda ham inson qadriga alohida e’tibor qaratib amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni davom ettiramiz. Aholining turmush darajasini yaxshilashga bor kuch quvvatimizni safarbar etamiz. Asosiy maqsadimiz – el-yurt xizmatida bo‘lib, xalqimizning roziligiga erishishdir. 

 

Suhbatdosh Abdujalol QAYUMOV,

Jamshid YORBEKOV (surat) O‘zA