English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Zomin texnoparki”da nima gap?
15:55 / 2024-10-18

Jizzax viloyatining Zomin tumanida 400 gektar yer maydonida Xitoy Xalq Respublikasi investorlari bilan hamkorlikda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida “Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 27 iyun kuni davlatimiz rahbari ushbu sanoat zonasi qurilishiga start bergan edi.  

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi ishchi guruh tumandagi “Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasida bo‘lib, u yerda tashkil etilayotgan yirik investitsiya loyihalari bilan yaqindan tanishdi.

Maxsus sanoat zonasi uchun 400 gektar yer maydoni ajratilgan. Uni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanib, 160 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Loyihaning birinchi bosqichida joriy yildan boshlab 138,4 gektar yer maydonida investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Maxsus sanoat zonasi hududida 2029 yilga qadar 1 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni kiritish hisobiga 30 dan ortiq loyihani amalga oshirish mo‘ljallangan.  

Mazkur zonada tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaruvchi korxonalar tashkil etilmoqda. Jumladan, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishdagi loyihalar amalga oshiriladi. Ushbu loyihalarning amalga oshrilishi samarasida 5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. 4 trillion 700 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 70 million AQSH dollarilik eksport salohiyati yaratiladi.

Shuningdek, texnopark hududida Xalqaro tajriba almashinuv injenerlik markazi tashkil etilib, sanoat korxonalari uchun shu yerning o‘zida malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Bundan tashqari, ushbu hududda ofis markazi, turar joylar, ekobog‘, ko‘rgazmalar zali va savdo markazi ham barpo etilishi ko‘zda tutilgan.  

Muxtasar qilib aytganda, “Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasida qurilish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari