Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zomin seminarining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi
20:15 / 2022-06-07

Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Zomin seminarining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu seminar bir necha yillardan buyon iste’dodli yoshlarni kashf qilishga xizmat qilib kelmoqda.

Shahar bosqichini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi va ishtirokchilarga omad, ijodiy parvozlar tiladi.

Bu yilgi seminarga qiziquvchilarning soni yanada ortdi. Respublika bo‘yicha 1000ga yaqin ariza kelib tushdi. Toshkent shahar bosqichida 12 nafar yosh o‘zlarining ijodiy iste’dodlarini namoyon etdi.

– Zomin seminarida ilk bora qatnashyapman, – dedi ishtirokchi Barno Rajabova. – Bolalar adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha she’rlarimni topshirdim. O‘zim ham doimo bolalar uchun ijod qilayotgan adiblarning asarlarini kuzatib boraman. Shahar bosqichining saralash jarayonida ustozlar bilan yuzma-yuz bo‘lish, ularni tinglash g‘oyat maroqli.

Seminarda ustoz ijodkorlar Qozoqboy Yo‘ldoshev, Risolat Haydarova, Ma’mura Zohidova, Muhiddin Abdusamad, Nargiza Asadova, Mansur Jumayev she’riyat, bolalar adabiyoti, badiiy tarjima, adabiy tanqid yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘’balarga bo‘lingan holda yoshlarning ijod namunalarini ko‘rib chiqdi. Ularga kerakli tavsiyalar berildi va mahorat darslari o‘tildi.

– Seminarning shahar bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tdi, – dedi shoira Zulfiya Mo‘minova. – Har bir ishtirokchi katta quvonch va maqsad bilan kelgan. Albatta, bu adabiy jarayon haqiqiy iste’dodlarni kashf qilishda ahamiyatli.

Aytish joizki, seminarning viloyat bosqichlari ham o‘ziga xos tarzda kechdi. Shu yilning aprel-may oylarida o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilarning ijodiy ishlarini saralash maqsadida 100ga yaqin taniqli ijodkor, adabiyotshunos olimdan iborat Ishchi guruh tashkil qilindi.

Zomin seminarida iste’dod egalarini kashf qilish, ularning badiiy qobiliyatini yanada rivojlantirish, ustoz-shogirdlik an’analarini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratildi. Saralash jarayoni yosh ijodkorlarda yorqin taassurot qoldirdi va bu kelgusi ijodida ulkan ko‘prik vazifasini o‘taydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Zulayho Ahmadjonova, jurnalist

O‘zA