French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zomin seminari – mahorat va ijodiy muloqot maydoni
09:29 / 2025-07-07

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari yurtimiz qalamkashlarining eng sevimli loyihalaridan sanaladi.

7-9 iyul kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida mazkur seminar bo‘lib o‘tadi. Seminar ishtirokchilari dastlab Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyati uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jihatlar "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida ham o‘zining yorqin ifodasini topgani e’tiborli.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida tashkil etilgan Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari iste’dodlarni rag‘batlantirish, ularning ijodini yanada yuksak darajada yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Adiblar xiyobonida start olgan Zomin seminarida ishtirok etish, ustoz ijodkorlarning mahorat saboqlari, suhbatlaridan bahramand bo‘lish, o‘z mashqlarini atoqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar ko‘rigidan o‘tkazish har yosh bir ijodkorning orzusidir.

–Bugun yurtimiz yoshlari uchun ko‘plab sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Yoshlar bu davrning cheksiz imkoniyatlaridan mas’uliyatni anglagan holda va unumli foydalanishlarini istardim. Zomin seminari ham yoshlar iste’dodini charxlashga qaratilgan yirik loyihalardan biri.

–Davlatimiz rahbari yoshlarga O‘zbekistonning oltin fondi sifatida e’tibor qaratmoqdalar, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli shoira Zulfiya Mo‘minova. – Zomin seminari yoshlarning ijodiy marralarni baland olishi uchun imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatli. Bu seminar ko‘plab qalami o‘tkir ijodkorlarni kashf etishi shubhasiz.

– Men adabiy tanqid yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boraman, – dedi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti Dildora Yorgulova. – Bu yo‘nalishda bir qator turkum maqolalar ham tayyorlaganman. Ushbu seminar o‘zimiz kabi yosh ijodkorlar bilan o‘zaro fikr almashish, mahoratimizni oshirish, ustoz ijodkorlar suhbatidan bahramand bo‘lish uchun qulay imkon yaratadi.

Darhaqiqat, Zomin seminari mamlakatimiz yosh qalamkashlari uchun betakror ijodiy platforma, adabiyot muxlislari uchun o‘ziga xos katta she’riyat bayramidir. Seminar doirasida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, jonli muloqotlar, yangi kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Nazokat Usmonova,

Jasur Tursunov (surat) 

O‘zA muxbiri