English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zomin seminari – ijodiy izlanishlar maydoni
11:17 / 2023-07-19

Yurtimizning har go‘shasi go‘zal. Lekin Zominning go‘zalligi, tabiati o‘zgacha fusunkor, ham betakrordir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev asos solgan yosh ijodkorlarning Zomin respublika seminari bejizga tabiatning maftunkor go‘shasida tashkil etilmagan.

Zero, bu ajib maskanda inson va tabiat uyg‘unligi, uning birligi, tabiatning inson ruhiyati, ma’naviyatidagi o‘rni va ta’siri, umr mazmuni, adabiyotning insoniyat oldidagi burchi haqida beixtiyor o‘yga tolasan kishi. 

Yosh ijodkorlarning Zomin respublika seminarining navbatdagi kuni ham g‘oyat ishchan va shu bilan birga rasmiyatchilikdan xoli bo‘lgan samimiy, ijodiy ruhda o‘tdi. 

"Mushoira etadi davom" tadbirida ustoz shoirlar hamda yosh ijodkorlar o‘z she’rdaridan namunalar o‘qidi. Mazkur seminar adabiyotga shunchaki shaydo bo‘lgan yoshlar emas, balki o‘z umri mazmunini so‘z san’ati bilan chambarchas bog‘lagan yoshlarni o‘z atrofida birlashtirganiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Negaki, ishtirokchilar O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, taniqli shoira va jurnalist Zebo Mirzayeva, Mehribon Abdurahmonova kabi ijodkorlarning Vatan, borliq, milliy o‘zlikka oid she’rlarini jo‘rovozlikda, mualliflarning o‘zlari bilan birgalikda yoddan, baralla aytganlariga guvoh bo‘ldik. Zominning musaffo havosi she’riyatning go‘zal nafasidan yanada xushhavo bo‘lgani aniq edi... 

Ayni paytda Vatanimizning turli hududlaridan kelgan Himmatoy Nozimova, Zubayda Eshpo‘latova, Muhammad Qodir, Sherbek Islomov, Sanjar Toshbekov singari yoshlarning izlanishi, she’rlaridagi teran falsafiy ruh, favquloddagi ramz va timsollar she’riyat muxlislarining e’tiborini tortgani aniq. 

–Bunday ajoyib seminarda ustozlar bilan bir safda o‘z she’rlarimizdan o‘qib berish sharafli, ham katta mas’uliyat, – dedi qoraqalpog‘istonlik yosh shoir Muhametdin Aitjanov. – Zomin seminari, uning doirasidagi mushoiralar, uchrashuvlar bizning ijodiy parvozimiz uchun juda foydali bo‘lmoqda. 

Yosh ijodkorlarning Zomin seminari doirasida she’riyat, publitsistika, tarjimonlik, bolalar adabiyoti, nasr, dramaturgiya, adabiy tanqidchilik kabi yo‘nalishlarda sho‘’balar yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. 

Nazokat Usmonova, 

O‘zA