Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Zomin” oromgohida sport musobaqasi
10:30 / 2024-04-16

Prezidentimizning “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi tomonidan tasdiqlangan 2024 yilgi yoshlar dasturi ijrosini bajarish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali xodimlari o‘rtasida qo‘shni Jizzax viloyatining so‘lim Zomin tumanida joylashgan “Zomin” oromgohida sport musobaqalari o‘tkazildi.

Ushbu sport musobaqalari filial xodimlarining salomatligini yanada yaxshilash, ularning madaniyat va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida tashkil qilinib, unda ishtirokchilar sportning futbol, basketbol, voleybol, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha bahslashdi. Ayniqsa, 20 ta jamoa qatnashgan futbol turniri keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasidagi “Quvnoq startlar” musobaqasi ham qiziqarli bo‘ldi.

Yakunda musobaqa ishtirokchilari saralanib, g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.  

– Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari birlashmasi tasarrufidagi “Zomin” bolalar oromgohi o‘zining ko‘rkamligi, jozibadorligi bilan har tomonlama zamon talablariga javob bera oladigan haqiqiy dam olish maskani ekanligiga amin bo‘ldik, – deydi jamiyat ishchisi X.Abdullayeva. – Ikki kun davom etgan sport tadbirlarida qatnashib, jamoamiz xodimlari miriqib dam olishdi. Yozgi ta’til kunlarida farzandlarimni shu maskanga dam olish uchun yuborishni maqsad qildim.  

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA muxbiri