Qish fasli tabiat uchun tabiiy dam olish davri bo‘lsa-da, yovvoyi hayvonlar uchun u jiddiy sinovlarni keltirib chiqaradi.
Qalin qor qatlami va sovuq harorat tabiiy ozuqa manbalarini qisqartiradi, bu esa hayvonlarning yashab qolish imkoniyatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ana shunday sharoitda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlarni amalga oshirish ekologik barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zomin milliy tabiat bog‘ida ham qish mavsumida yovvoyi hayvonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan biotexnik tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazilmoqda. O‘tgan yilning dekabr oyi hamda joriy yilning yanvar oyi davomida bog‘ hududida bir necha marotaba shunday tadbirlar tashkil etildi. Ularni o‘tkazishda milliy tabiat bog‘i ma’muriyati tomonidan har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilib, maxsus grafik reja asosida ish olib borildi.
Biotexnik tadbirlar doirasida qaysi hududlarda sun’iy ozuqa maydonchalari tashkil etilishi oldindan belgilab olindi. Bu jarayonda hayvonlarning harakat yo‘nalishlari, yashash muhiti hamda mavsumiy ehtiyojlari inobatga olindi. Ilmiy xodimlar tomonidan fotoqopqonlar o‘rnatilgan nuqtalar, ularning koordinatalari va qayd etilayotgan tasvirlar muntazam tahlil qilib borildi.

— Har bir tadbir ilmiy asosda rejalashtiriladi. Kuzatuv natijalaridan kelib chiqib, sun’iy ozuqa maydonchalariga dag‘al hashak, omuxta yem hamda tuz mahsulotlari joylashtirildi. Bu hayvonlarning qishki oziqlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, — deydi Zomin milliy tabiat bog‘i bosh o‘rmon inspektori Sharof Fayzullayev.
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, milliy bog‘ hududiga o‘rnatilgan fotoqopqonlar suvsar, jayra, tulki, to‘ng‘iz, bo‘ri kabi yovvoyi hayvonlarning sun’iy ozuqa maydonchalaridan faol foydalanayotganini qayd etmoqda. Bu holat qishning eng sovuq va qorli kunlarida hayvonlarning energiya zaxirasini saqlab qolish, ularning halokatga uchrash xavfini kamaytirishda muhim omil hisoblanadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday biotexnik tadbirlar faqat mavsumiy yordam bo‘lib qolmay, balki tabiiy ekotizim barqarorligini saqlash, bioxilma-xillikni muhofaza qilish hamda yovvoyi tabiatni asrashga qaratilgan uzoq muddatli ekologik siyosatning ajralmas qismi hisoblanadi.
A. Qayumov, O‘zA