O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari 2025 yildagi ishtirokchilari o‘rtasida e’lon qilingan, Jizzax viloyati hokimligi tashabbusi va homiyligida o‘tkazilgan “Zomin ilhomlari” ijodiy ishlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi va shu nomdagi kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jizzax viloyati hokimligining 2025 yil 25 iyuldagi Qo‘shma qaroriga asosan Respublika Zomin seminarining 2025 yildagi ishtirokchilari o‘rtasida e’lon qilingan “Zomin ilhomlari” tanloviga ijodiy ishlar telegramdagi “Zomin ilhomlari - 2025” boti orqali qabul qilindi. 80 nafar yosh ijodkordan kelib tushgan 216 ijodiy ish hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan o‘rganib chiqildi.
[gallery-25478]
Tegishli yo‘riqnoma asosida har bir hakamning alohida tartibda belgilagan bali qo‘shib chiqildi va ballar miqdoriga ko‘ra natijalar qayd etildi.
– Tanlovda 2025 yilda Zomin seminariga saralab olingan yoshlar, ya’ni adabiyot tadbirlarida ilk bor qatnashayotgan ijodkorlar ishtirok etayotgani uchun natijalar bir-biridan u qadar katta farq qilmaydi, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Farida Afro‘z. – Shuning uchun tanlovga ajratilgan mablag‘ hisobidan yosh ijodkorlarni rag‘batlantirishda qamrovni yanada kengaytirishni taklif qilaman. Saviya jihatdan bir-biriga o‘xshash bu ijodiy ishlarning mualliflari olgan bali asosida ko‘proq taqdirlanishi maqsadga muvofiq. O‘rin olgan ishtirokchilardan tashkari, bir necha ball bilan farq qilib turgan 8 nafar yosh ijodkorni ham rag‘batlantirishni hamda tanlov uchun ajratilgan mablag‘ni qayta taqsimlashni taklif qilaman.
Shuningdek, taqdirlash davomida eng yaxshi ijodiy ishlar asosida nashrga tayyorlangan “Zomin ilhomlari” to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitobdan yosh ijodkorlarning she’rlari, maqolalari, dramatik asarlari, ertagu hikoyalari joy oldi.
Adabiy anjumanda ijodiy tanlovda ishlari eng yaxshi deb topilgan ko‘plab yoshlar taqdirlandi.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari