Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Qashqadaryo viloyatida hamda elektr energiyasi tarmog‘ida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev taqdimotdan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillariga viloyatda joriy yilda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari haqida so‘zlab berdi:
– Davlatimiz rahbariga ko‘rsatilgan loyihalar taqdimoti chog‘ida asosiy e’tibor viloyatimizda aholi bandligini ta’minlashga qaratildi. Bu borada muayyan rejalar tuzib olingan.
Jumladan, 2021 yilda viloyatimizda qariyb 90 ming fuqaroning bandligini ta’minlashni rejalashtirganmiz. Bunda “Ayollar daftari”ga kirgan 20 ming 577 nafar, “Yoshlar daftari”ga kirgan 26 ming 795 nafar, shuningdek, mehnat bozoriga yangidan kirib keladigan 33 ming 755 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bular – ta’lim muassasalari bitiruvchilari, harbiy xizmatdan qaytadiganlar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlar va boshqa ishsiz fuqarolardir.
Davlatimiz rahbari aholi bandligi qaysi manbalar hisobidan ta’minlanadi, qayerda qancha ish joyi yaratiladi, degan savolni o‘rtaga qo‘ydi.
Buning uchun 19 mingdan ziyod hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shu orqali aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 27,5 ming kichik biznes sub’ektida va ishsiz yoshlarga yer maydonlarini ajratish orqali 10 ming 165 yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yildan yoshlarga yer maydonlari ajratish va shu orqali daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar boshlanganidan ko‘pchilikning xabari bor. bugungi kunda viloyatimizda ham bu borada ishlar jadal olib borilmoqda.
Kasbga qayta tayyorlanib, tadbirkorlik sertifikatini olgach, o‘z biznes faoliyatini boshlaydigan yoshlar 8 ming 524 nafarni tashkil etadi. Ayni jarayonda yana bir yangicha yondashuv, ya’ni 1+1 tamoyili asosida bir tadbirkorga bir yoshni biriktirish orqali muammoni hal etish rejalashtirilgan. Bu orqali 6 ming 151 nafar yoshning bandligi ta’minlanadi.
Ijtimoiy dasturlar doirasida 11 ming 105 fuqaro ish bilan ta’minlanadi.
Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlamoqchiman. Ishsizlik muammosini hal etishda fuqarolarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish qo‘l kelyapti. Ikki yildan beri shu usuldan foydalanib kelyapmiz. Bu, ayniqsa, pandemiya davrida juda asqotdi. Shu asosda joriy yil 7 ming 283 fuqaro qamrab olinadi.
Va nihoyat, 10 mingdan ziyod kishini kasbga tayyorlash markazlarida o‘qitib, boshqa mamlakatlarga shartnoma asosida yuborib, migrant sifatida ish bilan ta’minlanishiga erishishni maqsad qilganmiz.
O‘zA