French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zohran Mamdani “ruhlar maskani”ga ko‘chib o‘tdi
16:52 / 2025-12-09

AQSH Nyu-York shahar meri etib saylangan Zohran Mamdani o‘zidan avvalgi aksariyat hokimlar singari tarixiy “Gracie Mansion”ni turar-joy sifatida tanladi. 1799 yilda qurilgan ushbu uy Ikkinchi jahon urushi davridan beri shahar rahbarlarining asosiy yashash manzili bo‘lib keladi.

Mamdani saylov kampaniyasi davrida ko‘chish masalasiga aniq javob bermagandi.Chunki o‘sha paytda u o‘z oilasi bilan “rent-stabilized”, ya’ni narxi davlat tomonidan cheklab qo‘yilgan, o‘rta sinf uchun mo‘ljallangan xonadonda yashar edi. Ta’kidlanishicha, Mamdani o‘sha uyga oyiga taxminan 2 300 dollar to‘lar edi, bu esa Nyu-York sharoitida arzon uy turiga kiradi. Taqqoslash uchun: shahar bo‘yicha bir xonali uyning o‘rtacha ijara narxi 3 500 dollardan oshadi.

Shu sababli tashviqot davomida Mamdanining uy masalasi siyosiy bahsga aylandi. U “ijaralarni muzlatish” siyosatini shaxsiy misoli orqali targ‘ib qilgan bo‘lsa, raqiblari, ayniqsa sobiq gubernator Endryu Kuomo uni mashhur oiladan chiqqan bo‘la turib imtiyozli uyda yashashda aybladi. 

Ma’lumot o‘rnida: Zohran Mamdanining onasi taniqli kinoijodkor Mira Nair, otasi esa Kolumbiya universiteti professori Mahmud Mamdani.

Merlikka saylanganidan keyin Mamdani qarorni xavfsizlik va ish samaradorligi bilan izohladi. 

– Bu qaror oilaviy xavfsizligimiz va Nyu-Yorkliklar tanlagan uy-joy arzonligini ta’minlash dasturiga to‘liq e’tiborimni qaratish zarurati bilan bog‘liq, - dedi u.

Ekspertlar fikricha, “Gracie Mansion” Mamdani uchun mutlaqo yangi muhit bo‘ladi. Sharqiy daryo bo‘yida joylashgan, sariq devorlari, yashil deraza romlari va oq panjaralar bilan tanilgan bu uy tashqi ko‘rinishidan “to‘y torti”ni eslatadi. 

Ichki qismi esa federal uslubda, asosan XVIII–XIX asr ruhida bezatilgan. Uyning besh yotoqxonadan iborat ekani aytiladi va albatta shahar merining oilasi uchun kuchaytirilgan xavfsizlik choralariga ega.

Tarixiy uy haqida g‘aroyib mish-mishlar ham ko‘p. Sobiq mer Bill de Blazioning rafiqasi Chirlane uydagi eshiklar o‘z-o‘zidan ochilib-yopilishiga guvoh bo‘lganini aytgan. Yanada qiziqarliroq fikrni esa sobiq mer Erik Adams bildirgan: “U yerda ruhlar bor, hech kim meni bu yolg‘onligiga ishontira olmaydi.”

Kamtarona “kulba”si bilan xayrlashar ekan, Mamdani shunday dedi:

– Men endi bu yerda yashamasligim mumkin, lekin u men bilan birga, qilayotgan ishlarimda yashashda davom etadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA