Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Z.Mahkamova: “Har bir xotin-qizning salomatligi yurtimiz taraqqiyoti uchun juda muhim”
14:37 / 2022-10-14

Toshkent shahridagi Gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabida “Gimnastika barcha uchun” shiori ostida sportchi xotin-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogining final bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirni sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi rahbari Zulayho Mahkamova kirish so‘zi bilan ochib berdi. 
 
– Avvalo har bir xotin-qizning salomatligi yurtimiz taraqqiyoti uchun juda muhim, – deydi Zulayho Mahkamova. – Keyingi yillarda mahalla, tuman, shahar miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan ommaviy sport tadbirlari ko‘plab sportchi xotin-qizlarimizga o‘z iste’dodlarini ko‘rsatishga imkon bermoqda. Bugungidek musobaqalarda qatnashayotgan qizlarimizdan ertaga jahon chempionlari yetishib chiqishiga ishonaman. 
 
Tadbirda ishtirok etayotgan jamoalarni suhbatga tortdik. 
 
– “Shumtakalar” nomi ostida bugungi musobaqalarda ishtirok etyapmiz – deydi Jizzax viloyatidan kelgan murabbiy Dilshoda Farmonova. –Shogirdlarim chiqishlari orqali quruvchilarning ish jarayonida qanday mehnat qilishlari, nimalardan foydalanishlarini ko‘rsatib berishadi. Bunday sport ko‘rinishlari bolalarda boshqalar mehnatini qadrlash, o‘zi yashayotgan uyiga nisbatan mehr-muhabbat hissini shakllantirishga hissa qo‘shadi. 
 
Andijon viloyatidagi Gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi murabbiyi Umida Mamadaliyevaning shogirdlari “Opa singil”lar deb nomlangan sport spektaklini namoyish etishdi. Bu spektaklning g‘oyasi aynan musobaqa ishtirokchilarining yoshiga mos. Har doim yaxshilik yomonlik ustidan g‘olib bo‘lishini sahna ko‘rinishi orqali ko‘rsatgan qizlarning chiqishlari ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. 
 
Keyingi xabarlarimiz orqali musobaqa jarayonlari haqida ma’lumot berib o‘tamiz. 


Nigora Rahmonova, O‘zA