Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ziyoratchilarning ilk guruhi Hajga jo‘nab ketdi
13:34 / 2024-05-26

Muborak Haj safariga borish, tabarruk Ka’batullohni ziyorat qilish har bir mo‘min-musulmonning orzusidir. Yurtboshimiz boshchiligida ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik sababli bugungi kunda vatandoshlarimiz emin-erkin Haj amallarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.

Vodiy havo darvozasi sanalgan Namangan xalqaro aeroportidan “Haj – 2024” dasturi doirasida “Namangan – Madina” yo‘nalishida ilk parvoz “Uzbekistan airways” aviakompaniyasining “Boeing-767” rusumli havo kemasi orqali amalga oshirilib, unda Namangan viloyatidan 245 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyati vakili, viloyat bosh imom xatibi Musoxon Abbosiddinov “Haj – 2024” dasturi asosida Namangan shahridagi  aeroportdan  Namangan va Andijon viloyatlari ziyoratchilarini Madinai munavvaraga yetkazish uchun 14 ta aviareys rejalashtirilganini ta’kidladi. Har bir reysda 245 nafardan yo‘lovchini muazzam manzilga eltish hamda mavsum yakunida ona Vatanimizga qaytarib olib kelish rejalashtirilgan. Ziyoratchilarga Madina va Makka shaharlarida barcha sharoitga ega bo‘lgan mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining xodimlari va malakali shifokorlar hamrohlik qiladi.

[gallery-17569]

– Yoshim 64 da. Ayolim bilan birga muqaddas Haj ziyoratiga otlandik.  Yaratganga shukronalar aytamiz. Ota-bobolarimiz orzusi bo‘lgan kunlarga biz yetdik. Sobiq ittifoq davrida odamlar og‘ir mashaqqatlar chekib, ziyoratlarga borishgan, – deydi Pop tumanidan mehnat faxriysi Muhammadjon Zuhrialiyev. – Bugun diniy bag‘rikenglikka keng yo‘l ochilgani natijasida Haj va Umra ziyoratlariga borish soddalashdi. Har yili minglab o‘zbekistonliklar muqaddas  ziyoratlarga xursandchilik bilan borishmoqda. Aytishim kerakki, ulug‘ safarga tayyorgarlik ko‘rish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, safar bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish kabi jarayonlar tashkilotchilar tomonidan yuqori saviyada amalga oshirildi.  

Ziyoratchilarni kuzatish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),

O‘zA muxbirlari