Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ziyoratchilar Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi
14:44 / 2025-05-16

Muborak Haj safariga borish har bir mo‘min-musulmonning orzusidir. Davlat rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik sababli minglab hamyurtlarimiz Haj amallarini emin-erkin ado etish baxtiga muyassar bo‘lmoqda.

Vodiy havo darvozasi sanalgan Namangan xalqaro aeroportidan “Haj – 2025” dasturi doirasida “Namangan – Madina” yo‘nalishida ilk parvoz “Flynas” aviakompaniyasining “Airbus 330” rusumli havo kemasi orqali amalga oshirilib, unda Namangan viloyatining Pop, Uchqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on, Namangan va Mingbuloq tumanlaridan dastlabki 414 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.

Ziyoratchilarni kuzatish marosimida Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

E’tirof etish joiz, Prezidentimizning diniy-ma’rifiy sohada olib borayotgan islohotlari, xususan Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirining mamlakatimizga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlari natijasida qutlug‘ ziyoratga kvotalar soni oshirildi. Bu yilgi Haj ziyoratiga o‘n besh ming nafar o‘zbekistonlik yo‘l olmoqda. 

E’tiborlisi, joriy Haj mavsumida Namangan viloyatidan 1 ming 600dan ziyod kishi safarga boradi. Ziyoratchilarni kuzatish bilan bog‘liq tadbirlar namunali tashkil etildi. Yaratganning bayti sari yo‘l olayotgan, orzulari ushalgan vatandoshlarimiz eson-omon ziyorat qilib kelishni so‘rab, xayrli duolar qilishgan bo‘lsa, kuzatuvchilar Ka’batullohga borish ularga ham nasib etishini dillariga tugishdi. 

– Uzoq yillar ichki ishlar hamda Milliy gvardiya organlarida xizmat qildim. Hozirda nafaqadaman. Muqaddas Haj ziyorati nasib etganidan bag‘oyat baxtiyorman, – deydi Namangan tumanidan Mirzavali Bannoyev. – Muborak safarga tayyorgarlik ko‘rish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, safar bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari tashkilotchilar tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi. Qolaversa, guruhimiz rahbari safardan avval ziyorat bajarish odobi va tartiblari xususida batafsil tushunchalar berdi. Issiq iqlim sharoitida biz uchun kerak bo‘ladigan zarur jihozlar taqdim etilgani ayni muddao bo‘ldi. Nasib qilsa, Madina va Makka shaharlarida dorilamon zamonamiz shukronasi, O‘zbekistonimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilamiz. 

Ziyoratchilarga ikki muazzam shaharlarda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan, ikki muqaddas masjidga yaqin manzilgohlarda joylashgan mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining xodimlari hamda malakali shifokorlar hamrohlik qiladi.

[gallery-23392]

“Haj – 2025” dasturi asosida “Namangan xalqaro aeroporti”dan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari ziyoratchilarini Madina shahriga yetkazish uchun hafta davomida 20 ta aviareys amalga oshiriladi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.