Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ziyoratchilar Haj safariga jo‘nab ketdi
09:48 / 2023-06-07

Namangan xalqaro aeroportida “Namangan – Madina” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvoz amalga oshirildi. “Uzbekistan airways” aviakompaniyasining “Boeing -767” rusumli havo layneri orqali Namangan viloyatidan 245 nafar hamyurtimiz Haj amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi.

Ziyoratchilarni kuzatishda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi. 

Muborak safarga borish har bir mo‘min-musulmonning orzusi. E’tirof etish joizki, Prezidentimizning diniy-ma’rifiy sohada olib borayotgan ishlari va Saudiya Arabistoni podshohligi bilan erishilgan kelishuv natijasida minglab vatandoshlarimiz ibodatlarni emin-erkin bajarish baxtiga erishmoqda. Bu borada ularga hukumatimiz tomonidan alohida amaliy yordam ko‘rsatilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Bu yilgi Haj ziyoratiga o‘n besh ming nafar o‘zbekistonlik yo‘l oladi. 

E’tiborlisi, joriy Haj mavsumida Namangan viloyatidan 1 ming 648 kishi safarga boradi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 403 nafarga ko‘p. Ziyoratchilarni kuzatish bilan bog‘liq tadbirlar namunali tashkil etildi. Yaratganning bayti sari yo‘l olayotgan, orzulari ushalgan hamyurtlarimiz eson-omon ziyorat qilib kelishni so‘rab, xayrli duolar qilishgan bo‘lsa, kuzatuvchilar Ka’batullohga borish ularga ham nasib etishini dillariga tugishdi. 

– Qirq uch yildan buyon obodonlashtirish boshqarmasida mehnat qilib kelaman. Gulchilik orqasidan odamlarga go‘zallik ulashdim. Kamtarona mehnatim davlatimiz tomonidan munosib qadrlanib, “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandim. Uzoq yillardan buyon Haj ziyoratiga borishni niyat qilib yurardim. Shukurki, murodimiz hosil bo‘lib, ulug‘ safarga otlandim, – deydi Namangan shahridagi Sharq tongi mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Saodatxon Usmonova. – Muborak safarga tayyorgarlik ko‘rish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, safar bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish kabi jarayonlar tashkilotchilar tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi. Nasib qilsa, Madina va Makka shaharlarida bugungi kunlar shukronasi, yurtimiz rivoji, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilamiz. 

[gallery-12237]

Ziyoratchilarga Madina va Makka shahrida barcha sharoitlarga ega bo‘lgan mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining xodimlari hamda malakali shifokorlar hamrohlik qiladi. “Haj – 2023” dasturi asosida “Namangan xalqaro aeroporti”dan Namangan va Andijon viloyatlari ziyoratchilarini Madina shahriga yetkazish uchun hafta davomida 14 aviareys amalga oshiriladi. Har bir parvozda 245 nafardan yo‘lovchini manzilga yetkazish va mavsum yakunida yurtimizga qaytarib olib kelish rejalashtirilgan. 

Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA