Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ziyorat turizmini rivojlantirishning yangi yo‘nalishi
11:15 / 2021-06-14

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida «Buddizm obidalari – ziyorat turizmini rivojlantirishning yangi yo‘nalishi» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ilmiy anjuman davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilayotgan “Respublikamiz hududlaridagi buddizm obidalari turmarshrutlarining 3D modellarini yaratish” innovatsion loyiha natijalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiyada turizmning yangi yo‘nalishlarini O‘zbekistonda rivojlantirishning ilmiy-nazariy jihatlari; buddaviylik tarixi va bu boradagi tadqiqotlar; O‘zbekistondagi buddaviylik obidalari va ziyorat turizmini tashkil qilishning jahon tajribasi, undan respublikamizda foydalanish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

2020 yil yozda o‘z ishini boshlagan “Respublikamiz hududlaridagi buddizm obidalari turmarshrutlarining 3D modellarini yaratish” innovatsion loyihasining umumiy qiymati 2 milliard so‘m bo‘lib, o‘tgan 1 yil ichida mazkur loyiha doirasida asosiy ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Navbatdagi bosqich endilikda loyihaning bevosita amaliyotga tatbiq etiladigan jihatlarini ishlab chiqishga qaratilgan.

Fan va ta’lim mamlakatimizni rivojlantirishning asosiy tayanchi bo‘lishi kerak. Shu nuqtai nazardan ham ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va uning natijalarini o‘quv jarayoniga joriy etish ishlari ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, gumanitar soha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy loyihalarning amalga oshirilishi O‘zbekistonni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy va madaniy rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarini yanada mustahkamlash omili bo‘lib xizmat qiladi.

Ikki yil davomida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida 97 ta monografiya, 63 ta darslik va 183 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma chop etilgan. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid dasturlar, mualliflik huquqi bilan himoya qilingan turli materiallar uchun 7 ta guvohnoma olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri A.Abduhakimov ilmiy anjumanning ochilishida konferensiya mavzusi va muhokamaga olib chiqilgan masalalar bugungi kunda dolzarbligi va respublikamiz taraqqiyoti uchun muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, anjuman yakunidagi qarorlar va mulohazalar O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish va soha uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yanada izchillashtirishga xizmat qilishi kerakligini qayd etdi.

O‘zbekistonda ziyorat turizmi segmentini rivojlantirish va uning turistik xizmatlar eksportidagi ulushini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mutaxassislar O‘zbekistonda turizm xizmatlari tarkibini diversifikatsiya qilish va turizmning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilishi zarurligini ta’kidladi.

O‘zA