Farmon va ijro
Turizm – mamlakatni dunyoga tanituvchi, iqtisodiyot uchun yuqori daromad keltiruvchi va aholi bandligini ta’minlovchi sohalardan biridir. Shuni e’tiborga olib, Toshkent viloyatida ham turizm ob’ektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish va obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur sohada umumiy qiymati 560 milliard 65 million so‘m miqdoridagi jami 39 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada joylarda 975 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi. Viloyatda jami 4 ta maxsus “turizm ko‘chalari” tashkil etilib, turizm va ko‘ngil ochar xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hududga 2024 yilda jami 9 million nafar xorijiy va mahalliy turistlarning kelishi kutilmoqda. Ayniqsa, tarixiy ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar muntazam sayyohlar bilan gavjum.
Prezidentimizning 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi Parkent tumanining turizm salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Kumushkon turizm qishlog‘ida joylashgan “Masjidali” ziyoratgohi xalq orasida alohida mehr bilan yodga olinadigan Hazrat Ali nomi bilan bog‘liq ko‘rkam qadamjo bo‘lib, viloyatning eng ajoyib diqqatga sazovor joylaridan hisoblanadi.
Ziyoratgohdagi ajoyib ulkan chinor va shifobaxsh buloq suvi ziyoratchilar tomonidan e’zozlanib, bu mo‘’jizalarni ular aynan Hazrat Alining tashrifi bilan bog‘laydi. Ushbu hududda qadimdan kumush konlari mavjud bo‘lib, buloq suvlariga ijobiy ta’siri natijasida inson salomatligiga nihoyatda foydali hisoblanadi. Mazkur turizm qishlog‘ining mana shunday o‘ziga xos tomonlari tufayli ayni paytda mehmon uylarini band qilganlar soni ortib bormoqda. Ular orasida xorijdan kelgan sayyohlarni ham uchratish mumkin.
[gallery-18703]
Shuningdek, “Zarkent ota” majmuasi – Ja’far ibn Husayn Sayyid Battol G‘oziyning qadamjosi hisoblanadi. Zarkent ota VIII – IX asrlarda yashagan harbiy qo‘mondon va qutb-ul-aqtob darajasidagi tasavvuf ahli namoyondasidir. Bu ulug‘ insonga bag‘ishlab bir qator olimlar asarlar yaratgan. Rivoyatga ko‘ra, Zarkent qishlog‘ida sodir bo‘lgan jangda Said Ja’far G‘oziy dushmanlarni yengib, g‘oyib bo‘lgan. Shu bilan birga, dunyoda G‘oziyning yettita qadamjosi bor bo‘lib, Zarkent qishlog‘idagi tarixiy majmua esa eng mashhur manzillardan biri sanaladi.
Mazkur qishloqlarda yetishtiriladigan mevalarning mazasi sayyohlarni o‘ziga rom etib qayta kelishga chorlaydi. Ekologik sof mahsulotlardan tayyorlanadigan milliy taomlarning mazasi va xushbo‘yligi esa keluvchilarni doim maftun etgan.
A.Musayev, A.Alijonov,O‘zA. (surat)