Oliy ta’lim tizimida bir necha yillar davomida faoliyat olib bormoqdaman. Shu yillar davomida ta’lim tizimiga, xususan o‘qituvchi shaxsiga bo‘lgan turli xil munosabatlarning guvohi bo‘ldim. Faoliyatim davrida rahbarlik vazifasida ham ishlaganim uchun bu sinovlarni ko‘proq his qilganman.
Avallari biz yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan ta’lim sifatini oshirish, yangi o‘quv-uslubiy materiallarni nashr etish, o‘quv auditoriyalarini tayyorlash o‘rniga talabalarni paxta mavsumi uchun boradigan hududlarini aniqlash, yotoq joylarini tayyorlash, terim bo‘ladigan maydonlarni ko‘zdan kechirish bilan shug‘ullanar edik. Uch oy paxta terimi mavsumidan qaytganimizdan so‘ng o‘quv jarayoni grafigini yuqori bosimda shakllantirib, qolib ketgan mashg‘ulotlarni o‘tishga harakat qilardik. Bu esa bevosita ta’limni sifatiga va mazmuniga ta’sir etmay qolmasdi. Qolaversa, bahor oylarida chopiq va yagana kabi qishloq xo‘jaligi ishlariga ham talabalarni majburan olib borganimiz hozirgacha ko‘z oldimda turibdi.
Qishloq xo‘jaligi ishlariga kuz va bahor oylarida jalb etilgan bo‘lsak, yil davomida shaharning turli joylarida obodonlashtirish va tozalov ishlarida majburan qatnashar edik. O‘sha paytlarda ta’lim muassasasi va o‘qituvchiga baho yuqoridagi topshiriqlarni “sadoqat” bilan bajarishiga qarab berilar edi. Agar ushbu topshiriqlarga ozgina e’tiroz bildirilsa, faoliyatimiz va shaxsimizga nisbatan “o‘ziga xos xulosa” berilardi.
Ming shukrki, Prezidentimizning siyosiy irodasi va tashabbusi bilan o‘qituvchilar kutgan kun keldi. Bugun o‘qituvchining qaddi va qadri baland. Shu nuqtai nazardan ham bir ziyoli sifatida bugungi kunda Yangi O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, o‘qituvchilarning konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lishi belgilanmoqda. Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda.
Ayniqsa, 52-moddada o‘qituvchining vazifasini aniq belgilab qo‘yilgani meni quvontirdi. Ushbu moddada O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitish deb e’tirof etilganligini aytish zarur.
Shuningdek, mazkur moddada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyatini kuchaytirilishini tarixiy o‘zgarish, deb atash mumkin. Bu qoidalar yurtimizdagi barcha muallimlarning professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Demak, endi o‘qituvchilik jamiyatdagi eng nufuzli kasbga aylanadi. O‘qituvchining endi suyanadigan Konstitutsiyasi bor. Kamina bunday tarixiy o‘zgarishlar, shubhasiz, ziyolisi e’zozlanayotgan mamlakatimizda ilm-fanni rivojlanishiga, ta’lim sifatini oshishiga, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan zamonaviy kadrlarni tayyorlanishi uchun kafolat vazifasini bajarishiga ishonaman.
Narimon Dehqonov,
Namangan davlat universitetining yoshlar
masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar
bo‘yicha prorektori, siyosiy fanlar doktori.
O‘zA