Azal-azaldan xalqimiz orasida asosan o‘g‘il farzandga bilim berish kerak, o‘qitish kerak, chunki u bizning boquvchimiz, degan qarashlar shakllanib kelgan.
Qiz bola tarbiyasida esa aksincha. Go‘dakligidanoq o‘qimishli bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq mehnatga, xokisorlikka o‘rgatiladi.
Aslida jamiyatda qiz bolaning oliy ma’lumotli, bilimli va salohiyatli bo‘lishi qanchalik muhim?
Xotin-qizlarning erkaklar bilan barcha sohada tengligini ta’minlash, ularni ulug‘lash va qadrlash, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish mamlakatning ustuvor vazifalaridan biri.
– Farzandini vatanparvar qilib tarbiyalaydigan ayollardir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov. – Oilalarda qizlarning o‘qishiga alohida e’tibor qaratish lozim. bugungi kunda oliy ta’lim tizimida pedagoglar orasida 41 foiz xotin-qizlar faoliyat olib bormoqda. Uch ming nafardan ko‘p fan doktorlari, professor ayollar bor. Ona o‘qimishli, ziyoli bo‘lsa, uning farzandi ham kitob o‘qiydi. Jamiyatda uyda o‘tirgan ayolga past nazar bilan qaramaslik lozim. Ayniqsa, agar ayol oliy ma’lumotli bo‘lsayu, ammo bugungi kunda u uyda o‘tirib, farzandlar tarbiyasi, ro‘zg‘or yumushlari bilan band bo‘lsa, demak u bugun eng kerakli lavozimda ishlayapti.
Joriy yilda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan mamlakatimizning 6 ta hududida yashovchi 800 nafar xotin-qiz o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Natijalarga ko‘ra, ayollarning 60 foizga yaqini turmushida zo‘ravonlikka duch kelmaganini qayd etgan. 40 foiz ayollar o‘zlariga nisbatan kamsitish va zug‘um o‘tkazilayotganini ta’kidlagan. Har to‘rtinchi ayol ba’zi hollarda zo‘ravonlikka duch kelishini, 7 foiz ayol esa bu odatiy hol ekanligini qayd etgan. 75 foizdan ko‘proq ayollarning ma’lum bir vaziyatlarda huquqiy bilimlari yetarli emasligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning fikriga ko‘ra, xotin-qizlarimizni qiynaydigan ko‘plab muammolarning ildizi ular bilimlarining yetishmasligi, o‘z huquqlarini yetarli darajada talab qila olmasligiga borib taqaladi. Shuningdek, oiladagi ajrimlar, kelishmovchiliklar sabab uysiz, joysiz qolayotgan, hattoki, bolalarining ta’minoti uchun ham pul talab qila olmayotgan ayollar borligi achinarli. Xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida, birinchi navbatda ota-onalarning munosabati katta rol o‘ynasa, ikkinchidan oliy ta’limda ularni qamrab olish imkoniyati muhim o‘rin tutadi.
Darhaqiqat, bugungi kunda yangi O‘zbekiston islohotlari inson manfaatlarini ta’minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
O‘tgan 2021 yilda ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida 200 mingdan ziyod loyihalarga 2 trillion so‘m kredit va subsidiyalar ajratilib, 320 ming xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan. 190 ming nafar ayol kasb-hunarga o‘qitilgan. 4 mingdan ziyod xotin-qizlarga uy-joy to‘lovining boshlang‘ich badaliga mablag‘ ajratilgan. 2 ming nafar qiz alohida grant asosida oliy ta’limga qabul qilingan. Natijada, o‘tgan yili oliy o‘quv yurtlariga kirgan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etgan.
Shuningdek, 2022 yil 1 mart kuni Prezident raisligida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
“Ayollar daftari”da 630 mingdan ziyod xotin-qiz ro‘yxatda turganligi, ulardan 200 ming nafari ishsiz ayol-qizlarni tashkil etishi qayd etilib, ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, oilada zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining uchrab turganligi ta’kidlangan. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari mazkur muammolarni hal etishda mahalla faollari, jamoatchilik va nuroniylarning o‘rni va ahamiyatini alohida qayd etdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha – 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratib boriladi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga davlat byudjetidan har yili 1,8 trillion so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltiriladi. Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida Davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtiriladi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili tegishli tartibga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etiladi. Davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib boriladi.
Bugun O‘zbekiston xotin-qizlarining 7 nafari akademik, 271 nafari fan doktori (DSc), 1 ming 411 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi sohibalari hisoblanadi. O‘zbek olimalari kimyo, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ayniqsa faol izlanmoqda. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy va gumanitar sohalar rivojida xotin-qizlarimizning ishtiroki salmoqli o‘rin tutadi. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 440 ming 959 nafar talabaning 45,9 fozi xotin-qizlardan iborat.
Atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy bejizga “Qizlar hammadan ko‘ra bilim olishga intilishi kerak, chunki bu bilim bilan kelajak avlodni tarbiyalaydi” deya ta’kidlab o‘tmagan. Oqila, ziyoli ayol kelajakda barpo bo‘ladigan butun boshli oilaning ilmli bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratadi. Ayollarning ilm olishi, hunar o‘rganishi yo‘lida safarbar etilayotgan ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash kelajakka yo‘naltirilgan eng katta sarmoyadir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA