Ziyodaning kichik sehi
Tikuvchilik sehi tashkil etish rejasini tuzgan buxorolik Ziyoda Rahmatova “Havzi nav” mahalla fuqarolar yig‘ini huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi markazdan maslahat olib, ishga kirishdi.
Tikuvchilik sehi tashkil etish rejasini tuzgan buxorolik Ziyoda Rahmatova “Havzi nav” mahalla fuqarolar yig‘ini huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi markazdan maslahat olib, ishga kirishdi.
– Ziyodaning tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi, bankdan kredit olishi bilan bog‘liq tegishli hujjatlarni tayyorlashga ko‘maklashdik, – deydi Havzi nav mahalla maslahat markazi rahbari Nodira Boltayeva. – Uning yashash joyi yaqinida – Buxoro markaziy bozori hududida bo‘sh turgan binoda kichik tikuvchilik sexi tashkil etishiga yordam berdik.
Ayni kunda Z.Rahmatova binodan imtiyozli foydalanmoqda. Albatta, bunday imkoniyat endi ish boshlagan tadbirkor uchun o‘ziga xos madad. Maslahat markazi tavsiyasiga asosan “Hunarmand” uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan Ziyodaning har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotgani ishini rivojlantirish, boshqacha aytganda, aylanma mablag‘ini ko‘paytirish imkoniyatini yaratmoqda.
– Mahallamiz qizlari Madina Baxshullayeva, Parvina Asadova, Gulnoza Ibrohimovani shogirdlikka olganman, – deydi Ziyoda. – Ular ishga tez kirishib ketdi. Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, bugungi kichik sexni katta korxonaga aylantirishni maqsad qilganman. Bu ko‘plab yoshlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi, degani.
Maslahat markazi rahbari N.Boltayevaning ta’kidlashicha, hududda tadbirkorlikning rivojlanayotgani mahalla aholisining ko‘pchiligini tashkil etadigan yoshlar bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Havzi nav mahallasidagi maslahat markazi viloyatda shu yo‘nalishdagi yagona tajriba maktabi emas. Jondor tumanining ”Mustaqillik” qishloq, “Jondor” shaharcha fuqarolar yig‘inlari, G‘ijduvon tumanidagi bir qator o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzurida ham shu maqomga ega jamoatchilik tuzilmalari ish olib bormoqda, muayyan yutuqlarga erishmoqda. Ular tajribasini o‘rganish, ommalashtirish tadbirkorlikni yanada rivojlantirishda asqotishi shubhasiz.