Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zimbabveda oziq-ovqat inqirozi tufayli 200 ta fil otiladi
21:28 / 2024-09-17

Zimbabveda misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik tufayli oziq-ovqat taqchilligi kuzatilmoqda. Mamlakatda ocharchilikni bartaraf qilish uchun turli choralar ko‘rilmoqda. “France-Presse” agentligi ushbu davlatning Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi bayonotiga tayanib yozishicha, yaqinda hukumat 200 bosh filni otishga qaror qilgan. Avvalroq Prezident Emmerson Mnangagva Al-Ninyo tabiiy hodisasi keltirib chiqargan qurg‘oqchilik tufayli mamlakatda milliy ofat e’lon qilgan edi.

– Oziq-ovqat tanqisligiga olib kelgan misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik tufayli 200 ta fil yo‘q qilinadi, – deyilgan xabarda.

Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Nkobizita Mangaliso Ndlovu mamlakat hududida “keragidan ko‘p fil borligi”ni aytib, hukumat bog‘lar va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi – “Zim Parks”ga xartumli jonivorlarni  yo‘q qilish jarayonini boshlashga ko‘rsatma berganini qo‘shimcha qildi. “Zim Parks” ijrochi direktori Fulton Mangvanya aytishicha, 200 ta fil odamga duch kelgan joydayoq otib tashlanadi.

Bu chora “tez o‘sib borayotgan hayvonlar populyatsiyasi” muammosini hal qiladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Zimbabveda 100 mingga yaqin fil yashaydi. Ya’ni, ushbu mamlakat ayni ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda Botsvanadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Oxirgi marta Zimbabveda fillar 1988 yil o‘ldirilgan.

Tabiiy resurslarni boshqarish notijorat markazi direktori Farai Maguvu hukumatning bu qarorini qoraladi. Uning fikricha, mazkur qadam turizm sanoatiga sezilarli ziyon keltiradi, chunki “tirik fil o‘ligidan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi”.

Shu oy boshida “France-Presse” Namibiya hukumati mamlakatda qurg‘oqchilik va ocharchilikka qarshi kurash doirasida 157 bosh yovvoyi hayvon o‘ldirilgani haqida xabar bergandi.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (WG‘R)ning Afrika janubi bo‘yicha mintaqaviy direktori vazifasini bajaruvchi Lola Kastro iyul oyi oxirida qit’a janubi Al-Ninyo ob-havo hodisasi tufayli so‘nggi 100 yildagi eng kuchli qurg‘oqchilikka duch kelgani va 2025 yilgacha ekinsiz qolishini aytgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu mintaqadagi besh davlat – Malavi, Namibiya, Zambiya, Zimbabve va Lesoto allaqachon milliy ofat e’lon qilgan. Tez orada bu safga Angola va Mozambik qo‘shilishi mumkin. Ayni payt qurg‘oqchilikdan kamida 27 million kishi aziyat chekmoqda.

S.Rahimov, O‘zA