Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Elyor Ahmadaliyev ma’lum qildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 2023 yil 16 maydagi qarori asosida qabul qilingan “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash va qurilishda nazoratini kuchaytirishga oid chora-tadbirlari dasturi”da vazirlik va idoralar qatorida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qator vazifalar belgilangan.
Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan qurilayotgan va foydalanishdagi ob’ektlarning zilzilabardoshlik talablarini buzilishiga olib keluvchi mavjud kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishi;
Fanlar akademiyasi tomonidan binolarning seysmik mustahkamligini tekshirish va monitoring qilish metodikasi yordamida binolarni sinovdan o‘tkazishi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan aholini zilzila vaqtida harakatlanishga tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishini tashkil etish belgilangan.
Shuningdek, yer qobig‘ining kuchlangan-deformatsiyalangan holatini kuzatuvchi, seysmik xavfni baholashda va zilzilalar darakchilarini qayd qilish maqsadida 2021-2022 yillarda 10 ta samarasi past stansiyalar faoliyati to‘xtatilib, ularning o‘rniga 14 ta yangi seysmik stansiyalar ochildi. Shuningdek, seysmik stansiyalar internet jahon axborot tarmog‘iga ulanib, zilzilalarni real vaqt rejimida monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilib, foydalanilayotgan stansiyalar tarmog‘ining moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlandi.
Bundan tashqari, respublikamizda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimini bosqichma-bosqich yaratish maqsadida 2023-2025 yillar mobaynida respublikaning seysmik faol hududlariga 200 dona akselerometrlarni bosqichma-bosqich o‘rnatish belgilangan.
Shular bilan bir qatorda, mazkur qarorning mazmun-mohiyatini joylarda keng targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish hamda belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida joriy yilning 1-7 iyun kunlari “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” o‘tkazildi.
Undan tashqari, qariyalar, nogironlar va boshqa muruvvat uylarida o‘z xizmat vazifalarini olib borayotgan ishchi-xizmatchilarga favqulodda vaziyatlarda imkoniyati cheklangan fuqarolarning hayotini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan jihatlarni, xususan, zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish qoidalari va ularga birinchi tez-tibbiy yordam bo‘yicha 24 ta uchrashuvlar o‘tkazildi.
Mazkur qaror bilan har yili Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” o‘tkazib borish vazifasi belgilangan.
M.Komilova, O‘zA