Rossiya-Ukraina
AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya hali taktik yadro qurolini Belarus hududida joylashtirmadi, deb hisoblaydi, ammo Moskvaning bu haqdagi bayonotidan xavotirda, deb yozdi Oq uy matbuot xizmati davlat rahbariga tayanib.
“Rossiya yetakchisi, avval ham aytganimdik, xavfli gap-so‘zlar qilmoqda, bu, albatta, xavotir uyg‘otadi”, deya qo‘shimcha qilgan Bayden.
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi bugun yarim yil ichida ikkinchi marta Zaporoje AESga bordi. Maqsad – stansiyadagi xavfsizlik darajasini o‘rganish va majmua himoyalanishiga baho berish. Xalqaro tashkilot matbuot xizmati xabarida shunday deyilgan.
Vashington ittifoqchilari bilan birga Ukrainaga yetkazib berilayotgan qurol-aslaha to‘g‘risidagi axborotni cheklash ustida ish olib bormoqda, dedi Qo‘shma Shtatlar mudofaa vaziri Lloyd Ostin. Shuningdek, u yana bir fikrni bildirdi: Vashington Kiyevda hozir Amerikaning to‘rtinchi avlod qiruvchi samolyotlariga ehtiyoj yo‘q, ehtimol Ukrainaga kelajakda shunday qurilmalar zarur bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Ostinning fikricha, ayni payt Ukrainaga havo hujumidan himoya vositalari kerak.
Buyuk Britaniya Kiyevning ziddiyatni to‘xtatishga oid shartlariga rozi bo‘ladi, dedi Bosh vazir Rishi Sunak.
“Ukraina taqdirini o‘zi belgilashi kerak, qolganlar shart qo‘ymasligi lozim”, dedi u.
Kanada hukumati 2023 yil Xalqaro valyuta jamg‘armasidan 1.79 milliard dollar kredit olib, shu mablag‘ni Ukrainaga bermoqchi. Bu haqda federal byudjetning yangi moliya yili hisobotida keltiriladi. Bundan tashqari hujjatda Ukrainaga harbiy yordam berish uchun byudjetdan 146.7 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
30 mart kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Avstriya quyi palatasi – Milliy kengashda nutq irod qilishi kutilmoqda. Mamlakatning “Kurier” nashri qayd etishicha, Zelenskiyning parlamentga tashrifi 2022 yil rejalangan edi. Gazeta Ukraina yetakchisi o‘tgan yil fevral oyidan beri Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatning 24 tasi parlamentida bo‘lib, chiqish qilganini eslatgan.
Fransiya aholisi orasida Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatilishini qo‘llovchilar soni tobora kamaymoqda, dedi Rossiyaning Parijdagi elchisi Aleksey Meshkov "Rossiya-24" telekanaliga. Fransiya Qurolli kuchlari vaziri Sebastyan Lekornyu “Le Figaro” gazetasi muxbiri bilan suhbatda Kiyevga yetkazib berilayotgan 155 millimetr kalibrli snaryadlar hajmini ikki barobar ko‘paytirish, ya’ni oyiga ikki mingtaga yetkazish rejalanganini aytdi.
“Yaqin orada Fransiya Kiyevga “SAMP/T” zenit raketa tizimini yetkazib beradi”, deya qo‘shimcha qildi mulozim.
Portugaliya Milliy mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat Ukrainaga uchta “Leopard-2A6” tanki jo‘natgan.
Chexiya o‘tgan yil fevral oyidan beri ukrainalik qochoqlarga vaqtincha boshpana olish imkonini beruvchi 500 mingdan ziyod viza bergan. Bu haqda “irozhlas.cz” portali xabar berdi.
“CTK” agentligi Slovakiya Prezidenti Zuzana Chaputovaga tayanib xabar berishicha, mamlakatning Kiyevga harbiy yordami sezilarli darajada kamaymoqda. Binobarin, “aksariyat slovaklar ukrainalik qochoqlarni qabul qilishga xayrihoh”. Shu bilan birga davlat yetakchisi “fuqarolar orasida qochoqlar ularning shaxsiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani”ni tan olayotganlar ham borligini qayd etdi.
“Prezident Zelenskiy yaqin orada Varshavaga kelishi mumkin”, dedi Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Yablonskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Varshava va Kiyev Ukraina kelajagi to‘g‘risida izchil muzokara olib bormoqda. “Polsha firmalari qo‘shni davlatni tiklashda qatnashishga qiziqish bildirmoqda”, deya qo‘shimcha qildi mulozim.
Abror XON, O‘zA