YeI xalqaro hamjamiyatga qo‘shilishida Ukrainaga ko‘mak berish majburiyatini olmagan, dedi tashkilot bosh diplomati Jozep Borrel.
“Mamlakatda ziddiyat davom etayotgani uchun aytgan bo‘lishimiz mumkin, tinch zamonda, ehtimol, bunday demasdik, biz zimmamizga majburiyat olmadik, bu haqda bayonot berganmiz”, dedi u “RNE” radioga intervyusida.
Ispaniya energetika va portlar infratuzilmasi himoyasi uchun Ukrainaga havo hujumidan mudofaa qiluvchi va uchuvchisiz uchoqlarni bartaraf etadigan yangi tizimlarni taklif qildi. Bu haqda Qirollik hukumati matbuot xizmati bildirdi. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Pedro Sanches Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti doirasida Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida ayni bayonotni takrorlagan.
Irlandiya Ukraina va boshqa mamlakatlardan kelayotgan qochoqlarni joylashtirish masalasida qiyinchilikka duch kelmoqda. Mamlakat Bosh vaziri Leo Varadkar ayni mavzuda quyidagi bayonotni bergan:
– So‘nggi ikki yilda yuz mingdan oshiq qochoqni qabul qildik. Endi ko‘ngilli ravishda bu ishni davom ettira olmaymiz.
Prezident Jo Bayden Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelni “AQSH uzoq muddatli tartibda Ukrainani qo‘llashda davom etadi”, deya ishontirdi. Mishel esa bunday dedi:
– YeI Ukrainaga bugunga qadar 52 milliard yevro ajratdi, 2024-2027 yillarda yana 50 milliard yevro yordam paketi va 20 milliardlik qurol-aslaha yetkazib berish mo‘ljallanyapti.
Kongressning amaliga qaramay, AQSH va G7 guruhi Ukrainani qo‘llashni to‘xtatmasliklari xususida bayonot berishdi, dedi Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo.
Kecha Ispaniyada Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak va Prezident Zelenskiyning uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Hukumat raisi ta’kidlab aytishicha, Buyuk Britaniya ukrainaliklarga qo‘shimcha 45,5 million yevrolik gumanitar yordam ko‘rsatadi.
AQSHda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun 7 milliard dollar umumiy mablag‘ bor, dedi mudofaa vaziri matbuot kotibi Patrik Rayder.
Fransiya Yevropanining Kiyevga berayotgan ko‘magiga qo‘shimcha ravishda zaxira manbasini ko‘rib chiqmoqda, dedi Prezident Emmanuel Makron.
Gruziya hukumati Ukraina atrofidagi ziddiyat tufayli murakkab geosiyosiy sharoitda menyovr qilishiga to‘g‘ri kelmoqda, dedi Bosh vazir Irakliy Garibashvili.
– Biz xalqaro sheriklar bilan Ukraina xalqini qo‘llash maqsadida ishimizni muvofiqlashtiryapmiz, dedi u.
Prezident Bayden Ukraina bilan bog‘liq ikki xatoga yo‘l qo‘ydi: avvalo, u Kiyevni nima maqsadda qo‘llayotgani aniq emas, qolaversa, ushbu mamlakatga nisbatan mantiqiy siyosat ishlab chiqmadi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning Yevropadagi kuchlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general Ben Xojes “Rzeczpospolita” nashriga bergan intervyusida aygan. Sharhlovchi o‘z taajubini quyidagi tarzda bildirgan:
– AQSHning ziddiyatga aralashishdan maqsadi nima edi? Nega 50 milliard dollardan ziyod yordam ko‘rsatildi? Bu masalada siyosiy mantiq yo‘q, nima sababdan “Javelin”, “Stinger”, “ATACMS” va boshqa vositalarni yetkazib beryapmiz?
“Bloomberg” agentligi sharhlovchisi Xel Brends fikricha, 2024 yil AQSH moliyaviy ko‘magisiz Ukraina Qurolli kuchlari yirik hujum uyushtira olmaydi, umuman Kiyevning ahvoli mushkullashadi.
Abror Xon, O‘zA