English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza klinik sinovlari natijasi e’lon qilindi
10:43 / 2021-08-29

Koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza klinik sinovlari natijalari xitoylik hamkorlar tomonidan joriy yilning 27-28 avgust kunlari Xitoy fond bozori hamda Reyter axborot agentligi saytida e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 3-dozadan so‘ng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76 foiz, «britancha» shtammga qarshi esa 92,93 foizni tashkil etdi. O‘lim va og‘ir holatlarga qarshi 100 foiz samaradorlik ko‘rsatdi. JSST talablariga ko‘ra, vaksina kamida 50 foizdan yuqori samara berishi lozim.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ZF-UZ-VAC2001 klinik tadqiqotlarida ishtirok etuvchi jami 28 ming 500 nafar ko‘ngilli ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 14 ming 249 nafari vaksina va 14 ming 251 nafari platsebo olganligi qayd etilgan.

Xitoylik hamkorlar tomonidan vaksina va platsebo guruhlari bo‘yicha ma’lumotlar ochildi. Mazkur ko‘ngillilardan 647 nafarida kasallik aniqlangan, ulardan 221 nafarida kasallik 3 ta doza vaksina olgandan so‘ng 7 kundan keyin aniqlangan. Shundan 35 nafari vaksina bilan, 186 nafari platsebo bilan emlangani aniqlandi. Bu vaksinaning koronavirusning barcha shtammlariga qarshi umumiy 81,76 foiz samarali ekanini ko‘rsatadi.

Shuni alohida qayd qilish kerakki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti protokoliga ko‘ra, 3-faza sinovlarini ochiqlash hamda statistik tahlillar o‘tkazish uchun to‘liq vaksinadan so‘ng kamida 156 holda kasallik aniqlanishi kerak. ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza klinik sinovlari natijasi 221 nafar kasallik aniqlangan ishtirokchilardagi tahlilga ko‘ra aniqlandi va bu sinov natijasini yanada aniqroq bo‘lishini ta’minlaydi.

Boshqa vaksinalarda olib borilgan tadqiqotlarga taqqoslansa, Pfizer vaksinasining samaradorligi 85 foiz, AstraZeneca 68 foiz ekani, Moderna vaksinasi esa «birlamchi» shtamm (Uxancha) uchun yuqori samaradorlikni ko‘rsatib (94 foiz), «delta» shtamm uchun 76 foizgacha pastlagani ilmiy adabiyotlarda qayd etilgan.

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA