Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi o‘lim va og‘ir holatlarga qarshi 100 foiz samaradorlik ko‘rsatdi
11:58 / 2021-09-07

Innovatsion rivojlanish vazirligida tegishli tashkilotlar mas’ullari, tibbiyot muassasalari vakillari, xalqaro mutaxassislar hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari ishtirokida “COVID-19. Vaksinatsiya – erishilgan yutuqlar, istiqboldagi reja va maqsadlar» mavzuida ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Oflayn va onlayn shaklda bo‘lib o‘tgan konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev hamda innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov yurtimizda koronavirus tarqalishining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar, vaksinatsiya jarayoni haqida so‘z yuritdi.  

 – bugungi ilmiy-amaliy konferensiya butun dunyo mamlakatlarida dolzarb masala, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi eng samarali vosita – vaksinatsiya jarayonlariga bag‘ishlanadi, – dedi B.Musayev. – Xalq salomatligini saqlashda vaksinatsiyadan ko‘ra samaraliroq usul hali o‘ylab topilmadi. Millionlab odamlarning hayotini saqlab qolish, kasallikdan keyingi asoratlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida aholini ommaviy emlash ishlari O‘zbekistonda ham keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. bugungi konferensiya tibbiyot sohasidagi o‘z ishining ustalarini bir joyga yig‘di. Aynan shunday ilmiy-amaliy konferensiyalar tufayli mutaxassislarning malakasi va aholining vaksinatsiya bo‘yicha xabardorligi oshadi.  

 Konferensiya ikki sessiyadan iborat bo‘lib, ularda taniqli olimlar koronavirusga qarshi vaksinalarning xususiyatlari, ularning turli shtammlarga qarshi samaradorligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Xususan, Xitoy-O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III-faza sinovlari natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.  

 Qayd etilishicha, vaksinaning klinik oldi tadqiqotlari 120 ta kemiruvchi va 40 ta qisqichbaqa bilan oziqlanuvchi makaka maymunida o‘tkazildi. Emlashdan keyingi tiklanish davri ikki hafta etib belgilandi. Bu vaqt oralig‘ida hayvonlar to‘liq tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijalar rekombinat yangi koronavirus vaksinasi yuqori darajadagi antigenga xos titerlar chiqarilishiga turtki berishi mumkinligini ko‘rsatdi. Emlashdan so‘ng hayvonlarda IgG antitanalar, vaksinaning yaxshi immunogenlikka ega ekanligini ko‘rsatdi.  

 Mutaxassislarning ta’kidlashicha, koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza klinik sinovlari natijalari xitoylik hamkorlar tomonidan joriy yilning 27-28 avgust kunlari Xitoy fond bozorida, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Reyter axborot agentligi saytlarida e’lon qilindi.  

 3-dozadan so‘ng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76 foiz , “britancha” shtammga qarshi esa 92, 93 foizni tashkil etdi. Mazkur vaksina o‘lim va og‘ir holatlarga qarshi 100 foiz samaradorligini ko‘rsatdi.  

 Bundan tashqari, tadbir doirasida ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini ishlab chiqarish jarayoni aks etgan videorolik mutaxassislar e’tiboriga havola etildi.  

 Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA