Euronews xabariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Davosda so‘zlagan nutqida Yevropani tanqid qildi.
«Bir yil oldin Davosda men Yevropa o‘zini qanday himoya qilishni o‘rganishi kerakligini aytgan edim. Oradan bir yil o‘tdi, ammo hech narsa o‘zgarmadi, hammasi o‘sha-o‘sha... » - dedi Zelenskiy.
U Yevropadagi vaziyatni “Sug‘ur kuni” filmidagi voqealarga qiyos qildi.
Ukraina prezidenti Yevropada global tahdidlarga javob berishda jipslik yo‘qligini tanqid qilib, qit’aning harakatlari hali ham geografik, siyosiy katta davlatlar birligi sifatida emas, balki kichik va o‘rta davlatlar holatida ekanini aytgan.
Zelenskiyning aytishicha, Tramp ma’muriyatining Rossiya bilan urushni to‘xtatishga bo‘lgan ko‘p martalik harakatlari yetarli natija bermadi, AQSH belgilagan muddatlarga qaramasdan, urush davom etmoqda. Zelenskiyning fikricha, Rossiya - Ukraina urushida ham Yevropa AQSH qarorini kutib qolyapti va o‘zini mustaqil kuch sifatida namoyon qila olmayapti.
U Rossiyaga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmasa, bugun Ukrainaga, ertaga esa NATOning boshqa davlatlariga tahdid bo‘lishini, yana bir bor eslatdi.
Shuningdek, u AQSHsiz xavfsizlik kafolatlari ishlamasligini ta’kidladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/e6snzQOJxP0" title="Zelenskiy: Yevropa «Sug‘ur kuni»ni boshdan kechiryapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA