Shu kunlarda xorijiy ommaviy axborot vositalarida Timur Mindich nomi tez-tez tilga olinyapti. “Kvartal-95” studiyasi hammuassisi va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning yaqin do‘sti hisoblangan bu shaxs Kiyevda ko‘p yillik ko‘ngil ochar dasturlarga aloqador, o‘rta darajali tadbirkor sifatida ma’lum.
U hech qachon oliy tabaqa vakillariga qo‘shilmagan. Tahlilchilar fikricha, rasman hech bir davlat lavozimini egallamagan bo‘lsa-da, Mindichning Zelenskiy bilan do‘stligi jamoatchilik e’tiborini tortgan.
Timur Mindich nomi keng miqyosda birinchi marta iyul oyida tilga olindi. Ya’ni, “Energoatom”dagi korrupsiya chizmasi bo‘yicha tergov doirasida uning xonadonida yashirin ovoz yozib olish qurilmasi o‘rnatilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. O‘shanda bu tergov amaliyotiga ochko‘zligi bilan tanilgan afsonaviy podsho “Midas” nomi berildi.
Bu shov-shuvli korrupsiya holati energetika sohasida yuz bergani ukrainaliklarga juda og‘ir botdi, chunki mamlakat Rossiya havo zarbasini qabul qilib turibdi, aholi davomiy elektr uzilishidan aziyat chekmoqda. Ko‘plab oilalar kuniga 12-16 soatlab toksiz qolyapti. Shu bois voqea jamiyatning barcha qatlamlarida keskin norozilik uyg‘otdi.
Siyosatshunos Ruslan Bortnik ta’kidlashicha, mojaro to‘liq bosilishi imkoni bo‘lsa-da, hukumat va Prezidentning obro‘siga allaqachon jiddiy zarar yetkazgan. G‘arb ommaviy axborot vositalarining e’tibori esa xalqaro oqibatni kuchaytirmoqda.
10 noyabr kuni maxsus xizmat vakillari Mindichning uyini tintigan. Tadbirkorning o‘zi uyida emas edi, bir necha soat oldin mamlakatni tark etgan ekan. Tintuv davomida tergovchilar 17 soatdan ortiq hajmdagi ovozli yozuv topgan. Qo‘lga kiritilgan ma’lumotda korrupsion chizmaning ehtimoliy ishtirokchilari, tender va pulni bo‘lish, kelishilgan qaytarma mablag‘ miqdori hamda turli shaxsiy muammolar haqida gap boradi. Suhbatdoshlar bir-biriga “Tenor”, “Roket”, “Reshik” kabi laqablar bilan murojaat qilgan. Masalan, “Reshik” 1.6 million dollar solingan qutini ko‘chada olib yurishdan qiynalganini aytgan. Yozuvda urush sharoitida strategik ahamiyatga ega elektr tizimi uchun himoya inshooti qurilishi bo‘yicha tortishuv ham mavjud.
Korrupsiya chizmasining mohiyati oddiy: kompaniyalar tender shartini bajargan, ammo shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ning 10-15 foizini pora sifatida bergandan keyingina ish haqining qolgan qismi to‘lab berilgan.
Kelishuvdan bosh tortganlarga pul o‘tkazmasini to‘sib qo‘yish yoki “qora ro‘yxat”ga kiritish bilan bosim o‘tkazilgan. Bu amaliyot “shlagbaum” deb atalgan. Ukrainadagi harbiy holat ularga juda qo‘l kelgan. Ya’ni, urush sharoitida “Energoatom”ni sudga berib bo‘lmasligi ularning ishini yanada osonlashtirgan. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, “yuvilgan” pul miqdori taxminan 100 million dollar.
15 oy davom etgan amaliyot natijasida hozircha yetti kishi qo‘lga olingan. Asosiy gumondorlar – “Tenor” laqabli “Energoatom” xavfsizlik direktori Dmitriy Basov va “Roket”– sobiq energetika vaziri maslahatchisi Igor Mironyuk.
Ushbu hodisa siyosiy maydonni ham larzaga soldi, deyish mumkin. Pyotr Poroshenko rahbarligidagi muxolif partiya hukumat iste’fosini talab qilmoqda. Binobarin, ekspertlar bu harakatni urush sharoitida siyosiy obro‘ orttirish, deb hisoblamoqda.
Shu voqealar sabab hukumatda qator o‘zgarishlar yuz berdi. Mamlakat adliya vaziri German Galuenko va energetika vaziri Svetlana Grinchuk “bo‘shadi”. “Energoatom” kuzatuv kengashi tarqatildi, ba’zi a’zolar janjal ko‘tarilishidan oldinroq o‘z xohishi bilan ishdan ketgan.
Ko‘pchilik kuchli shov-shuv aynan Timur Mindich nomi bilan bog‘liq, demoqda. Darvoqe, Zelenskiy bir paytlar sobiq prezident Petr Poroshenko davrida shunga o‘xshash korrupsiya holati haqida fikr shunday bildirgan:
– Agar Prezidentga yaqin kimdir korrupsiyaga aralashsa, bunga javoban davlat rahbari joyini bo‘shatishi kerak.
Binobarin, hozir Zelenskiy bu voqeadan o‘zini imkon darajasida uzoq tutyapti. Hatto, ziddiyat qanchalik jiddiy bo‘lmasin, vaziyatga sharh bergani yo‘q. U bilan juda yaqin Mindich Ukrainadan chiqib ketgani esa Prezidentga savollarni ko‘paytirmoqda. To‘g‘risi, bu vaziyat uning jamiyat, qolaversa G‘arb bilan muloqotini murakkablashtirmoqda.
Mojaroni Bryusselda ham alohida e’tibor bilan kuzatishyapti. YeI tashqi
siyosat xizmati rahbari Kaya Kallas voqeani “juda ayanchli” deb atadi va “Korrupsiyaga hozir mutlaqo o‘rin yo‘q, bu pullar frontdagi odamlar manfaatiga qaratilgan” dedi.
Siyosatchilar esa turli taxminlarni ilgari surmoqda. Ularning aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp bu voqeadan, jumladan, tinchlik muzokarasi masalasida Kiyevga bosimni kuchaytirish uchun foydalanishi mumkin. Ya’ni, “tili qisiq” Zelenskiy Trampning shartlariga ko‘nishi ehtimoli yuzaga keladi.
Siyosiy tahlilchilar YeI bilan munosabatda jiddiy uzilish kutilmasligini faraz qilgan. Zero, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash “Rossiya tajovuziga qarshi turish zarurati” bilan bog‘liq. Shunday bo‘lsa-da, ko‘hna qit’a mas’ullari bir muhim jihatni ham e’tibordan chetda qoldirishmayapti. G‘arbning Ukrainaga ko‘magi bu hukumatdagi ayrim shaxslarga ishonchni anglatmaydi. Agar Kiyevdagi mansabdorlar shaffofligiga shubha ortsa, G‘arb ularni almashtirish masalasini ko‘tarishi mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yUNcpQa2k-8" title="Zelenskiy va uning do‘sti atrofidagi mojaro" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA