Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “qo‘llab-quvvatlayotgani” uchun keskin tanqid qildi. Sababi, Budapesht Kiyevning Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lidagi sa’y-harakatiga to‘sib qo‘ymoqda.
Zelenskiy “Euronews” bosh direktori bilan video aloqa orqali uyushtirilgan intervyuda shunday dedi:
– Men Orbanga nimanidir aytishim shart emas. Aksincha, u Ukrainaga yordam taklif qilishi kerak. Zero, Ukraina butun Yevropani Rossiyadan himoya qilmoqda. Biz urush davom etayotgan davrda ham Vengriyadan hech qanday yordam olganimiz yo‘q. Viktor Rossiyani qo‘llab-quvvatlashiga qarshimiz, chunki Ukraina YeIga qo‘shilishiga qarshi chiqish Putinni aniq qo‘llab-quvvatlash demakdir.
Ukrainaning YeIga kirish yoki kirmasligi Yevropa davlatlari o‘rtasida bahsli masalaga aylangan. Bu o‘rinda Viktor Orbanni ham ayblab bo‘lmaydi, chunki u o‘z fuqarolari istagini ham inobatga olyapti. Ayni masala bo‘yicha o‘tkazilgan milliy so‘rovnoma qatnashchilarining 95 foizi Ukraina YeIga qabul qilinishiga qarshi chiqdi va Orban endi shu xulosani o‘z vetosini oqlash uchun ishlatmoqda.
Bosh vazir bu masalada shunday degan:
– Yevropadagi hamkasblarimiz tomonidan kuchli bosim kuzatilyapti. Biz esa bu urushga aralashmaslik uchun bor kuchimizni ishga solishimiz kerak.
Budapesht hozircha o‘z qarashini himoya qilib turibdi. Mutaxassislar fikricha, mazkur yondashuv 2026 yil aprelda bo‘lib o‘tadigan Vengriya saylovigacha saqlanadi. Mabodo, Orban muxolifat yetakchisi Peter Madyarga o‘rnini bo‘shatib bersa, Budapesht pozitsiyasi o‘zgarishi mumkin.
Ukraina Prezidenti diplomatiya shaxsiyatdan yuqori turishi kerakligini ta’kidlab, yetakchilar bir-birini hurmat qilishi lozimligini qo‘shimcha qildi. So‘ng Orbanni Yevropa komissiyasi bahosiga quloq tutishga chaqirdi:
– Biz tirik qolish uchun kurashyapmiz va qo‘shnilarimizda ham urush ochilishini istamaymiz. Vengriya Bosh vaziri bizga yordam bersin, hech bo‘lmaganda YeI kirishimizga qarshilik qilmasin.
Yangi a’zo tan olinishi uchun YeIning barcha 27 davlati, jumladan Vengriya ham rozilik berishi lozim. Viktor Orban esa buni xohlamayapti.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HHc9XP0x0zI" title="Zelenskiy: Ukraina Yevropani Rossiyadan himoya qilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA