Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zelenskiy Tramp va Putin uchrashuviga qo‘shilmoqchi
16:06 / 2025-10-20

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH va Rossiya rahbarlari Donald Tramp hamda Vladimir Putin o‘rtasida Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan muzokarada ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u “NBC News” telekanaliga bergan intervyusida gapirgan.

– Men tayyorman, buni Prezident Trampga Oq uydagi uchrashuvda ham aytganman, – dedi u. – Adolatli va barqaror tinchlikka faqat har ikki tomon ishtirokidagina erishish mumkin.

Jurnalistlar savoliga javoban Zelenskiy Ukraina hududining bir qismini Rossiyaga berish orqali urushni to‘xtatish ehtimolini inkor etdi:

– Urushni diplomatiya yo‘li bilan to‘xtatmoqchi bo‘lsak, joyimizda turishimiz kerak. Putinga qo‘shimcha hech narsa bermaymiz.

Ukraina rahbari mamlakat urushda mag‘lub emasligi, Rossiya ham g‘olib chiqmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, Rossiya frontdagi muvaffaqiyatsizlikni havo hujumi bilan qoplamoqda.

– Putin energetika inqirozi orqali Ukraina aholisini bosim ostida qoldirmoqchi, – dedi Zelenskiy.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt aytishicha, Vashington Budapesht sammitida Zelenskiy ham qatnashishini kutmoqda. Tramp esa 17 oktyabr kuni Zelenskiy bilan Vashingtonda uchrashgach, “u Budapeshtga bormaydi, ammo doimiy aloqada bo‘lamiz”, deya ta’kidlagan.

Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiya va Ukraina armiyalari hozirgi joyida to‘xtashi, har ikki tomon o‘z g‘alabasini e’lon qilib, o‘lim va behad sarf-xarajatga barham berishi kerakligini yozdi.

16 oktyabr kuni Tramp va Putin ikki soatlik telefon suhbatida Budapeshtdagi uchrashuv bo‘yicha kelishib olgan. Kelgusi hafta ikki davlat delegatsiyalari muzokaraga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ta’kidlashicha, Putinga Budapesht tashrifi davomida Xalqaro jinoiy sud orderi hech qanday tahdid solmaydi.

– Biz Rossiya Prezidentini hurmat bilan qabul qilamiz va u muvaffaqiyatli muzokaradan so‘ng vataniga qaytib ketishini ta’minlaymiz, – degan mulozim.

Yevropa komissiyasi vakili Anita Xipper ham Putinga amalda YeI hududiga kirish taqiqi yo‘qligini aytdi:

– Uchrashuv hali rasman tasdiqlanmagan, YeI hududiga kirish haqidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklov ham yo‘q.

Dilshod Hakimov, O‘zA