Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zelenskiy: Jondan kechsak ham yerimizdan kechmaymiz
11:19 / 2025-12-02

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Fransiyada Emmanuel Makron bilan uchrashuvdan so‘ng tinchlik muzokarasining asosiy mavzularini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mamlakati uchun eng muhim ikki tamoyil bor — suverenitetni saqlash va ishonchli xavfsizlik kafolatini qo‘lga kiritish.

Zelenskiy hududiy kelishuv “eng murakkab nuqta” ekanini aytdi. Rossiya esa hanuz Ukraina nazorati ostida qolayotgan Donbass yerlaridan voz kechishni talab qilmoqda. Kiyev bunday shart “mutlaqo qabul qilinmaydi” demoqda.

Ayni payt AQSH va Ukraina delegatsiyalari Floridada ikki kunlik muzokarani yakunladi. Oq uy muloqot natijasini ijobiy hisoblab, umumiy kelishuvga erishishdan “umidvor”ligini bildirdi. Zelenskiy esa suhbatni “konstruktiv” baholadi, shu bilan birga “hali yechilishi lozim bo‘lgan murakkab masalalar ko‘p” deya izohladi.

Qo‘shma Shtatlar maxsus vakili Stiv Uitkoff endi Moskvaga boradi va Vladimir Putinga Florida muzokarasi tafsilotini yetkazadi. Uchrashuvda Trampning maslahatchisi Jared Kushner ham ishtirok etadi.

RF o‘tgan hafta amerikaliklar taqdim etgan yangi tinchlik tashabbusini “kelajak kelishuvi uchun asos” sifatida ta’rifladi. Yevropa va Kiyevda keskin tanqidga sabab bo‘lgan, Moskva talabiga yon bosilgan mazkur loyihadan Rossiyaning Yevropa banklaridagi muzlatilgan aktividan foydalanish bo‘yicha bahsli band ham o‘rin olgan.

Emmanuel Makron Yevropa davlatlari ham muzokarada faol qatnashishi kerakligini ta’kidlab, “hech qanday yakuniy tinchlik rejasi mavjud emas, bunday hujjat faqat Ukraina bilan kelishilgan holda ishlab chiqilishi zarur,” dedi. Fransiya yetakchisi hududiy masalani “faqat Zelenskiyning o‘zi hal qilishi shart”ligini aytib, xavfsizlik kafolati, Rossiya mablag‘i va YeI bilan integratsiya borasida ko‘hna qit’a mamlakatlarining o‘rni muhimligini eslatdi. Shuningdek, Tramp ma’muriyatining urushni tugatish borasidagi sa’y-harakatini ijobiy baholadi, Rossiya esa hozircha muzokaraga shoshilmayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Musulmon Ziyo, O‘zA