English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zelenskiy 24 fevral kuni prezidentlik saylovini e’lon qilishi mumkin (+video)
21:50 / 2026-02-11

Ukraina prezidenti Zelenskiy urushning to‘rt yilligi kuni prezidentlik saylovi va tinchlik referendumini e’lon qilishi mumkin, Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Karib dengizida vertolyotda suiqasddan omon qoldi, Somalida Starsky Airlines samolyoti texnik nosozlik tufayli Hind okeaniga favqulodda qo‘ndi, AQSH prezidenti Donald Tramp Kanada va Michiganni bog‘lovchi yangi ko‘prik ochilishiga to‘sqinlik qilmoqda, Indoneziya esa G‘azoda tinchlikni saqlash missiyasi doirasida 8 ming harbiyini joylashtirmoqda, shuningdek, Rossiyada kabutarlardan masofadan boshqariladigan biodron yaratish loyihasi sinovdan o‘tkazilmoqda, Qirg‘izistonda esa Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ishdan olindi va uning o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov tayinlandi.

<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/-4EAm14DcKo?si=d3ZaPc6GxZZMpREo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Zelenskiy 24 fevral kuni prezidentlik saylovini e’lon qilishi mumkin

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 24 fevral — urushning to‘rt yilligi kuni — prezidentlik saylovi va tinchlik bo‘yicha referendum o‘tkazilishini e’lon qilmoqchi. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy Kiyevga 15 maygacha saylov va referendum o‘tkazishni talab qilmoqda, aks holda Ukraina xavfsizlik kafolatlarini qo‘lga kirita olmasligi mumkin. Zelenskiy va yaqin manbalari urush sharoitida qisqa muddatda saylov o‘tkazish qiyin bo‘lishiga qaramay, Oq uyga ijobiy signal berganini aytmoqda. Mixayl Podolyak esa urushning faol bosqichi va raketa-dron hujumlari to‘xtamas ekan, saylovlarni o‘tkazish uchun xavfsizlik, ovoz berish tizimi va moliyaviy tayyorgarlik yetarli emasligini bildirgan.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro va qizlari suiqasddan omon qoldi

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Karib dengizi sohilida vertolyotda uchayotganda noma’lum shaxslarning suiqasdiga duch kelishdan omon qoldi. Prezidentning aytishicha, vertolyot 9 fevral kuni tunda belgilangan manzilga qo‘na olmagan, chunki xavfsizlik xabarlari bo‘yicha unga o‘q uzilishi mumkinligi ogohlantirilgan. Petro vertolyot bir necha soat dengiz ustida parvoz qilganidan so‘ng, Kolumbiya dengiz qo‘shinlari ko‘magida boshqa joyga qo‘ngan. Prezident xavfsizlik tahdidlarini jiddiy qabul qilayotganini va safar rejasini mos ravishda o‘zgartirganini ta’kidladi. U 2022 yil avgustidan beri narkotik kartellari tomonidan nishonga olinganini bir necha bor ma’lum qilgan, shuningdek 2024 yilda ham unga qarshi suiqasd rejalashtirilgani haqida xabar bergan.

Somalida nosoz samolyot Hind okeaniga favqulodda qo‘ndi

Somalida Starsky Airlines aviakompaniyasining Fokker 50 yo‘lovchi samolyoti Mogadisho aeroportidan havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib, texnik nosozlik tufayli Hind okeani qirg‘oqlariga favqulodda qo‘ndi. Bortdagi 50 yo‘lovchi va 5 ekipaj a’zosidan hech kim halok bo‘lmagan, og‘ir jarohatlar qayd etilmadi. Aviakompaniya ma’lum qilishicha, uchuvchining tezkor harakatlari yo‘lovchilar hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi bo‘lgan. Favqulodda qo‘nishga sabab bo‘lgan texnik muammo aniqlanishi uchun tergov olib borilmoqda.

Tramp AQSH-Kanada yangi ko‘prik ochilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin

AQSH prezidenti Donald Tramp Kanada va Michigan shtatini bog‘lovchi Gordi Howe xalqaro ko‘prigini to‘liq kompensatsiya olmaguncha ochmaslik bilan tahdid qildi. U Ottava va Kanada tomonini AQSHga “adolatli va hurmatli munosabat” ko‘rsatishga chaqirdi, aks holda ko‘prik harakatga ruxsat olmaydi. 2018 yilda qurilishi boshlangan ko‘prik 6,4 milliard Kanada dollariga baholangan va 2026 yil boshida ishga tushishi kutilgan edi. Kanada bosh vaziri Mark Karni Trampning ultimatumlariga qaramasdan, ikki tomon loyihadagi kelishmovchiliklarni hal qilishga intilayotganini ma’lum qildi.

Indoneziya G‘azogo 8 ming harbiy yuboradi

Indoneziya G‘azoda tinchlikni saqlash missiyasi doirasida 8 ming nafargacha harbiyni joylashtirishni rejalashtirmoqda. Harbiylar asosan tibbiy va muhandislik vazifalarini bajaradi, ularning joylashuvi Rafah va Xon Yunus hududida kazarmalar qurish orqali amalga oshiriladi. Bu qadam 2025 yil oxirida AQSH vositachiligida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida amalga oshiriladi. Indoneziya “Tinchlik kengashi” tarkibida BMT Xavfsizlik kengashi mandati asosida G‘azoda barqarorlashtirish kuchlariga yordam beradi. Turkiya va Pokiston ham qo‘shin yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, ammo ular HAMASni qurolsizlantirish jarayonida ishtirok etmasligini bildirgan. Prezident Subianto Prabovo mamlakatning dunyodagi eng yirik musulmon davlat sifatida barqarorlikni ta’minlashda hissa qo‘shishi muhimligini ta’kidladi.

Rossiyada kabutarlardan biodron yaratish loyihasi sinovdan o‘tkazilmoqda

Rossiyaning Neiry Group kompaniyasi kabutarlarning miyasiga chip implantatsiya qilib, ularni masofadan boshqariladigan biodronlarga aylantirish ustida ishlamoqda. Loyihaga Moskva davlat universitetining Sun’iy intellekt instituti rahbari Katerina Tixonova ham jalb qilingan. Sinovlar davomida chip o‘rnatilgan kabutarlar laboratoriya sharoitida muvaffaqiyatli parvoz qilgan va kompaniya ularni sanoat, qidiruv-qutqaruv hamda harbiy maqsadlarda foydalanish mumkinligini ta’kidlaydi. Biodronlarda videokamera, GPS va quyosh batareyalari bo‘lib, ular oddiy kabutarlardan tashqi ko‘rinishda farq qiladi. Mutaxassislar bu texnologiyaning xavfsizligi va hayvonlarning sog‘lig‘iga ta’siri borasida xavotir bildirmoqda, chunki miyaga chip o‘rnatish yallig‘lanish yoki infeksiya xavfini oshirishi mumkin. Shuningdek, ochiq muhitda kabutarlarni boshqarish qiyinligi sababli, mexanik dronlar biodronlarga qaraganda amaliyot jihatdan samaraliroq ekanligi aytiladi. Neiry kompaniyasi shunga qaramay loyihani davom ettirib, kelajakda qushlarni uzoq masofalarga parvoz qiladigan biodronlarga aylantirishni rejalashtirmoqda.

Qamchibek Tashiyev ishdan olinganini e’lon qildi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev ishdan olinganidan so‘ng munosabat bildirdi. U avval Germaniyada tibbiy tekshiruvdan o‘tganini tasdiqlab, davlat rahbarining qaroriga amal qilishga majbur bo‘lganini aytdi. Tashiyev murojaatida xizmat qilganidan faxrlanishini, ammo shaxsiy tarkib bilan xayrlashishga imkoniyati bo‘lmagani uchun afsuslanishini ta’kidladi va fuqarolarni qonuniga rioya qilishga chaqirdi. Tashiyevning o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Prezident Sadir Japarov ishdan olish qarorini davlat manfaatlarini ko‘zlab, jamiyatdagi birdamlikni mustahkamlash maqsadida qabul qilganini ma’lum qildi. Tashiyev 2020 yil oktyabr oyida ushbu lavozimga tayinlangan va hozirda raisining uch nafar o‘rinbosari ham ishdan olindi.

Nozimbek Mardonov, O‘zA