Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zaxiradagi nomzodlar malaka oshirmoqda
16:02 / 2023-03-16

Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan viloyat hokimligi hamkorligida salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boshqarmalari (tuman, shahar bo‘linmalari) hamda hokimliklarda stajirovka tashkil etildi.

Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash, rahbarlik borasidagi yangi ko‘nikmalarni shakllantirish va xizmat vazifalarini samarali amalga oshirish uchun kasbiy malaka, boshqaruv mahoratini oshirishdan iborat.

Qayd etish joizki, Namangan viloyatida ham 84 nafar nomzod stajirovka o‘tash uchun tegishli boshqarma, tashkilotlar va ularning mahalliy bo‘limlari hamda hokimliklarga yuborildi.

Nomzodlarning birinchi guruhi ikki haftalik stajirovka o‘tagan bo‘lsa, hozirda keyingi guruhda stajirovka yakuniga yetmoqda. Nomzodlar stajirovka davomida tashkilotning birinchi rahbariga o‘rinbosar sifatida biriktirilishi, shuningdek, tashkilotning funksional vazifalari, tizimdagi muammolarni o‘rganishi va ularning yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi belgilangan.


– Salohiyatli kadrlar zaxirasiga olinganim menga ikki karra масъулиятни yuklaydi. Bizni rivojlanishimiz va o‘z ustimizda ishlashimiz uchun motivatsiya bor, – deydi Uchqo‘rg‘on tumani hokimining Qumto‘g‘on mahallasidagi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Elmurod Ro‘ziboyev. – Shaxsiy rivojlanish rejasi asosida doimiy ravishda salohiyat va malakamizni oshirib kelmoqdamiz. Shu jumladan, bugungi kunda boshqarma, tashkilotlar va hokimliklarda stajirovka o‘tash ham turli sohalar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarimizni ortirish borasida ayni muddao bo‘lmoqda. Bu esa kelgusida davlat xizmatida samarali natijalarni ko‘rsatishimizga katta turtki beradi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA