Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zavodning ishlab chiqarish hajmi oshmoqda
12:43 / 2024-09-21

Bugungi kunda Zarafshon ta’mirlash-mexanika zavodi Navoiy kon-metallurgiya kombinati bo‘linmalari uchun zarur jihozlar va moslamalarni o‘z vaqtida, sifatli ta’mirlab hamda tayyorlab bermoqda. Zaruriy jihoz va moslamalarga talabning oshishi tufayli ishlab chiqarish ko‘lami yanada kengaymoqda.

Dastavval bu yerda mahalliylashtirilgan, import o‘rnini bosuvchi va asosiy faoliyat turi bo‘yicha 2 ming turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ayni paytda bu mahsulotlar turlari 8 mingtaga yetdi.  

Investitsiya dasturi doirasida yirik loyihalarning amalga oshirilishi, yangi zavodlarning barpo etilishi hamda qo‘shimcha quvvatlarning ishga tushirilishi natijasida zavod mahsulotlariga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib bormoqda.  

Tahlillarga ko‘ra, korxonada 2018 yilda 48,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2023 yil yakuniga kelib 181,1 milliard so‘mga yetdi. Joriy yilning o‘tgan davrida 111,8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va yil oxiriga qadar ishlab chiqarish hajmini 191,8 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 6 foizga ko‘p demakdir.

Zavodda 1 ta sex, 6 ta uchastka, byuro va xizmatlar faoliyat ko‘rsatadi. Ilgari Markaziy kon boshqarmasiga qarashli ko‘p tarmoqli sex bo‘lgan bu sanoat korxonasi bugungi kunga kelib yirik zavod maqomini oldi.  

– Birgina 2020 yilda konveyerlar uchun oyiga 100 ta rolik tayyorlangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1 200 dan ziyodni tashkil etyapti, – deydi zavod direktori Yuldosh G‘aniyev. – So‘nggi yillarda qo‘shimcha yangi rusumdagi bir necha suv nasoslari tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Nasoslarni ta’mirlash 1,5 baravarga ko‘paydi. Korxonamiz faoliyatida mahalliylashtirish muhim o‘rin tutadi. Korxonada 2018-2023 yillarda 150,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. O‘tgan yili mahalliylashtirish dasturi doirasida 31 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymati 26,56 milliard so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan ikki barobarga oshdi.

Korxonada kombinat rahbariyati va mutaxassislari bilan hamkorlikda bir necha istiqbolli rejalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, zamon talablaridan kelib chiqib, metalllarga lazer orqali ishlov berish dastgohlarini o‘rnatish, zavod hududida barcha gaz-olov ishlariga quvurlar orqali kislorod yetkazib berishni loyihalashtirib, uni ishlab chiqarishga tatbiq qilish ustida ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, eskirgan avtoshinalarni qayta ishlash hamda utilizatsiya qilish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu loyiha orqali Markaziy kon boshqarmasi bo‘linmalaridan chiqqan yaroqsiz shinalarni qayta ishlab, piroliz suyuqligi va metallolom olish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada chiqindini qayta ishlash, undan tayyor mahsulot olish hamda qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishiga erishiladi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri