Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zavod sabab taqdirini o‘zgartirgan inson
16:01 / 2025-10-06

Oramizdagi zamondoshlar

Nagashibek Kuttimuratov “Navoiy  kon-metallurgiya kombinati” AJ ga qarashli Shimoliy kon boshqarmasi 3-sonli gidrometallurgiya zavodida uchastka boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Uning yoshlik yillari Qizilqumning qoq markazida joylashgan Shalxar ovulida o‘tdi. Ota-bobosi cho‘ponlik qilib, oila tebratgan. Va cho‘pon tayog‘i sulolaning yana ko‘plab avlodlari uchun meros sifatida qolishi mumkin edi. Chunki bundan chamasi o‘ttiz yil muqaddam Uchquduq tumanidagi ovullarda yashaydigan mahalliy aholining tirikchilik manbai asosan Qizilqum sahrosida faqat cho‘ponlikning orqasidan kelardi. Ancha olis hudud bo‘lgani uchun bu yerda hamma imkoniyat cheklangan. Har zamonda 3-4 vagonli poyezddan boshqa qatnaydigan ulov yo‘q. Viloyat markazi bilan oradagi masofalar orzular kabi olis edi...

O‘tgan asrning 80-yillari oxiri, 90-yillarida Uchquduq tumanidagi bepoyon kengliklarni makon tutgan ovullarda odamlar odatiy tirikchilik mashg‘uloti – cho‘ponlik bilan kun o‘tkazib yurgan vaqtda, bu zaminda oltin zaxirasi bor, endi bu kengliklarda katta zavod qurilar ekan, degan mish-mishlar tarqaldi. O‘sha paytda Shalxar ovulida yashagan yosh Nagashibek uchun ham bu mish-mishlar ertak kabi tuyulsada, u o‘z xayolida zavod haqida cheksiz tasavvurlarni yaratishga intilar edi. Maktabda esa har bir fan ustozi “Chuqur bilim egallang, siz zavodda ishlashingiz kerak”, degan eslatmalar bilan darsni boshlab, tugatishardi. 

– Ustozlarimizning “Yaxshi o‘qisangiz, o‘z zavodingizda ishlaysizlar”, degan ishonchi bilim olishga bo‘lgan intilishimizni tubdan o‘zgartirib yuborgan, – deya eslaydi Nagashibek Kuttimuratov. – O‘sha madadmi, qo‘llab-quvvatlashmi, xullas, sinfimizdagi 10 ga yaqin o‘quvchi ovuldan uzoqda bo‘lmagan zavodning qurilishini ko‘rish uchun o‘sha inshoot yoniga borib, soatlab tomosha qilardik. Biz ko‘rmagan texnikalar, qurilish maydoni... Shundan keyin menda quruvchi bo‘lish orzusi paydo bo‘ldi. Har kuni zavodni ko‘rib, keyin shu yerda ishlaymiz, degan niyat bilan ortga qaytardik.

Ammo ovul yoshlari uchun o‘qish, kasb o‘rganish ham oson kechmadi. Olis yo‘l, cheklangan aloqa vositalari pand berdi. Toshkentga borib, oliygohga kirolmay qaytib kelgan Nagashibek quruvchi bo‘lish orzusidan qaytmadi. 

Oilada hech kim maktabdan boshqa yerni ko‘rmagani uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan odam yo‘q edi. Shunda ovulga Buxorodan kelib ishlab ketgan do‘xtir opaning maslahatlari asqotdi. Chunki faqat ugina to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olardi. Telefonga aloqaga chiqish uchun bir necha kunlab kutishga to‘g‘ri kelasa-da Nagashibekni Buxorodagi qurilish texnikumiga olib boradigan odam topilganidan hamma xursand edi. U texnikumni, keyinchalik harbiy xizmatni tugatib, yana jonajon ovuliga qaytdi.

U endi Uchquduqning qurilish bo‘yicha haqiqiy mutaxassisi edi. Va nihoyat Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-gidrometallurgiya zavodida ish boshladi. 

– Endigina tashkil topgan vaqtda zavod kichkina edi, – deydi N.Kuttimuratov. – Uning atrofida aylanib yurgan ovul yoshlari uchun toshdan oltin ajratib olish haqiqatda aql bovar qilmas hodisa bo‘lgan. Rus olimlari, mutaxassislarini kun ora ko‘rardik, ular bilan gaplashgimiz kelardi. Ammo til bilmas edik. Faqatgina tilla olish uchun katta bilim, tajriba va mehnat kerakligini qalbdan his qilardik. Ulkan harsanglar yerdan ajratib olinib, zavodga keltiriladi. Bir nechta bosqichlardan o‘tgach, undan mashaqqat bilan oltin ajratib olinadi. Bu jarayonni men ilm olishga qiyoslayman. Ilm ham mashaqqatlar evaziga egallanadi. 

Bugungi 3-gidrometallurgiya zavodi, uning imoniyati, texnikalar kechagidan tubdan farq qiladi. Qizilqum sahrosida joylashgan zavod mustaqilligimizning dastlabki yillarida foydalanishga topshirilgan birinchi eng yirik sanoat ob’ektlaridan biridir. 

Mazkur zavod ishchilari joriy yilda zavodning 30 yilligini keng nishonlamoqda. Bu zavodning qurilishi Uchquduq tumaniga nafaqat sanoat, balki yangi hayotning kirib kelishiga sababchi bo‘lgan. 3-GMZda bugun mutaxassislar mahalliy aholi va ularning farzandlaridan iborat. Ular shu zavodda birga ishlayotganligidan faxrlanishadi. Chunki bu zavod olis ovul odamlarining hayotiga ulkan yangilik olib kirgan, ko‘plab yoshlar uchun cho‘ponlik tayog‘i o‘rniga ular qo‘liga kitob tutqazgan, ilm yo‘liga boshlagan, ularning o‘ziga ishonchi, orzulari va maqsadlariga munosabati o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. 

Qahramonimiz ta’kidlaganidek, bu zavod katta tarixiy tajribaning shakllanishiga asosdir. U kelajakda yanada kengayib boradi va bu kabi zavodlar mamlakat iqtisodini yuksaltirish hamda olis hududlarga taraqqiyot kirib borishi uchun xizmat qiladi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri